Qarshi shahrida endi 200 nafar talaba ijaraga uy izlab yurmaydi
Foto: Халқ сўзи
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-maydagi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan oliy oʻquv yurti uchun ajratilgan talabalar turar joyi bugungi kun talabiga javob bermas edi.
Shu bois institutning kunduzgi boʻlimida tahsil olayotgan 1 ming 340 nafar talabalari uchun turar joy muammosi yuzaga kelgan boʻlib, baʼzi yigit-qizlar anchayin qimmat “kvartira”larda yashashga majbur edi. Yaqinda filialga qarashli 1-talabalar turar joyi kapital taʼmirlanib, foydalanishga topshirilishi ilmga chanqoq 200 nafar talabani “kvartira” izlab yurish azobidan xalos qildi.
7 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ sarflanib, zamonaviy koʻrinishga keltirilgan talabalar turar joyining tom qismi, eshik-romlari, kommunal tizimi toʻliq yangilanib, zarur zamonaviy maishiy jihozlar oʻrnatildi.
Institutda talabalarning zamon talablari asosida bilim olishi va qulay sharoitda yashab, oʻz ustida izlanishlari uchun barcha sharoitni yaratish ishlari davom etmoqda.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring