“Qarshi mebel” korxonasiga zamonaviy dastgohlar oʻrnatildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Qarshi mebel” korxonasi Qashqadaryo viloyatidagi eng yirik va koʻp yillik tajribaga ega mebel ishlab chiqaruvchi subyektlardan biri hisoblanadi.
Jamiyat rahbari Salomat Komilovaning saʼy-harakatlari evaziga soʻnggi yillarda korxonaning ishlab chiqarish salohiyati bir necha marotaba ortdi, yangi ish oʻrinlari yaratildi. Biroq ishni yanada rivojlantirish uchun elektr energiyasi, yoʻl, joy torligi bilan bogʻliq bir qator muammolarni hal etishga toʻgʻri kelayotgan edi.

Joriy yilda korxonaning “Qavali” kichik sanoat zonasidan joy olib, oʻzining yangi ishlab chiqarish tarmogʻini barpo etishi asnosida bu muammolar barham topdi.

— Kichik sanoat zonasidan 12 sotix maydonda umumiy qiymati 8,5 milliard soʻm boʻlgan yangi loyihani amalga oshirdik, — deydi Salomat Komilova. — Korxonamiz, deyarli yangidan tugʻildi, desak ham boʻladi. Boisi yangi ishlab chiqarish maydoni bilan birgalikda Germaniya, Turkiya va Xitoy davlatlarining zamonaviy texnologiyalarini keltirib oʻrnatdik. Ushbu texnologiya toʻliq kompyuterlashgan tizimda ishlaydi va u yogʻochga shakl berish, turli dizaynlarni yaratishda oʻta aniqlikka ega. Bu esa har tomonlama raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishimizda muhim.
Faoliyatdagi qulaylik va zamonaviy texnologiyalar ish samaradorligi oshishida oʻz aksini topmoqda. Bugungi kunda korxonada zamonaviy texnologiyalar vositasida 130 dan oshiq turdagi yumshoq va qattiq mebel mahsulotlarini tayyorlanmoqda. Bu faoliyat ortidan esa 60 dan ortiq kishining doimiy ish bilan bandligi taʼminlangan.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring