Qaror va ijro: Bunyodkorlik davom etadi

13:23 29 May 2020 Jamiyat
921 0

Taqdirning kutilmagan sinovlari xalqimiz irodasini bukmadi, balki mehr-oqibatini, ishonchini yana-da mustahkamladi. Pandemiya sharoitida jonajon yurtimizda sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi kabi tarmoqlarda ishlar bir zum boʻlsada toʻxtagani yoʻq. Aksincha yangi marralar olinib, mavjud resurslardan oqilona foydalanishga ragʻbat uygʻonmoqda.

Yurtboshimizning joriy yil 19-may kuni “Hududlarda koʻp qavatli binolar qurish ishlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan 2021-yil 1-yanvargacha import qilinadigan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari bojxona toʻlovidan ozod etildi. Bundan tashqari, 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulgacha import qilinadigan beton quyish qoliplari, beton tayyorlash mashina va mexanizmlarini olib kirish uchun qoʻyilgan bojxona toʻlovlari ham bekor qilinmoqda.

Mazkur hujjatning qabul qilinishidan maqsad respublikamizning barcha hududlarida urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida yuz bergan favqulodda hodisalar oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish va aholining zamonaviy uy-joylarga boʻlgan ehtiyojini qondirish hamda qurilish-pudrat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlashdir.

Qarorga asasan 2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlarini toʻlovchilar import qilinadigan qurilish sohasida foydalaniladigan mashina va mexanizmlar, texnologik jihozlar, kichik mexanizatsiya vositalari, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar boʻyicha bojxona toʻlovlarini (qoʻshimcha qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) 120 kungacha kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi ham berilyapti.

Bu kabi imkoniyat va imtiyozlardan ruhlangan navoiylik tadbirkorlar, ayniqsa, qurilish tashkilotlari faoliyati ancha jonlandi. Qurilish obyektlariga keltirilayotgan zamonaviy texnika va asbob-uskunlar ish unumdorligini oshirishga xizmat qilishi bilan birga sifatni oshiradi.

Mamlakatimizning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmogʻi soʻnggi ikki yilda jadal rivojlanib, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 180 turdagi mahsulotlar isteʼmolchilarga yetkazib berilyapti. Hozir viloyatimizdagi soha korxonalari tomonidan tabiiy tosh qoplama buyumlar, marmar, granit, shagʻal, qum, chaqiq tosh, xarsangtoshlar, shisha, sopol, fosfor, chinni buyumlari sanoati uchun xomashyo toshlari, pardozbop mayda toshlar va marmar xarsanglari, tabiiy tosh naqshbop (mozaika), polbop va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarilmoqda.

Yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari hajmining keskin oshganligi, tabiiy pardozbop toshlarga boʻlgan talabning ham koʻpayishiga olib keldi. Bugun vohamizda kechayotgan bunyodkorlik ishlari koʻlamini baholash uchun raqamlarga koʻz tashlashning hojati yoʻq. Qurilishlar miqyosini amalda ham hamma koʻrib-bilib turibdi. Ahamiyatlisi, ayni shu jarayon jadal tus olgani sari viloyatimizda qurilish industriyasi faol rivojlanmoqda. Natijada ushbu faoliyatga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati barqarorligi taʼminlandi. Oʻz navbatida, turdosh ishlab chiqaruvchilarning koʻpayishi tarmoqda kuchli raqobat yuzaga kelishiga xizmat qilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Prezidentimizning qurilish tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etishga koʻmak beradigan mazkur qarori shaharlarda koʻp qavatli uy-joylar qurilish ishlarini yildan yilga ortib borishiga olib keladi.

Ulugʻbek FAYZIYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
“Zarafshan Golden Group” kompaniyasi taʼsischisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер