Qariyb 30 mlrd soʻmlik 6 ta fundamental loyiha moliyalashtirildi
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining navbatidagi Hayʼati yigʻilishida 2021-2025-yillarda amalga oshiriladigan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga kiritiladigan fundamental loyihalar tanlovlari gʻoliblarini moliyalashtirish masalasi koʻrildi. Hayʼat qaroriga koʻra 6 ta loyiha moliyalashtirishga tavsiya etildi. Fundamental loyihalar tanlovi shartlariga koʻra, loyihalarni bajarishda nufuzli xorijiy universitetlarining olimlarini jalb etish talab etiladi. Loyihalarning xorijlik hamrahbarlari Hayʼatda video-konferens aloqa orqali ishtirok etdilar. Loyiha rahbarlari Hayʼat raisi – innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Hayʼatning boshqa aʼzolarining savollariga javob berib, oʻz loyihalarini himoya qildilar. Yigʻilishda OAV vakillari ham ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo institutidan biologiya fanlari doktori, akademik Talʼat Saatov 2-tur qandli diabet bemorlarda sporadik neyrodegenerativ kasalliklarning paydo boʻlish mexanizmlarini oʻrganish va ularni rasolash usullarini izlash qaratilgan loyihaning hammuallifi Kanadaning Montreal universiteti katta ilmiy xodimi Shrivastava Ashok Kumardir. Mazkur tadqiqot natijalariga koʻra ikkinchi tip qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlarda Alsgeymer va Parkinson hastaliklarining sporadik shaklini erta tashxisi va profilaktikasiga doir uslubiy qoʻllanma ishlab chiqiladi. Oʻzbekiston birinchi marotaba insulin retseptori, insulin signal yoʻli (insulin signaling) oʻrganiladi. Kanada, Montreal universiteti xodimlari bilan hamkorlik tufayli Oʻzbekistonda biokimyoning yangi yoʻnalishiga va shu sohada yangi ilmiy maktabga asos solinadi.
“Yurak va silliq muskul hujayralari Sa2+-gomeostazini oʻsimlik biologik faol birikmalari bilan modulyatsiya qilish mexanizmlari” loyihasi Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo institutining professori biologiya fanlari doktori Poʻlat Usmonov hamda Rossiya Fanlar Akademiyasi Hujayra biofizikasi instituti Hujayra signalizatsiyasi laboratoriyasini mudiri, biologiya fanlari doktori, professor Valeriy Zinchenko hamrahbarligida amalga oshiriladi. Loyiha doirasida Hujayra fiziologiyasining eng fundamental va muhim hususiyati – yurak va silliq muskul hujayralari Ca2+ -gomeostazini biologik faol moddalar bilan regulyatsiya mexanizmlari aniqlanadi. Bunda yurak va silliq muskul hujayralari Sa2+- va K+-kanallar, Na+/Ca2+-almashinuv funksiyalarini modifikatsiyasi orqali yurak va qon-tomir funksional faolligini boshqarilishi haqida yangi maʼlumotlar olinadi. Rossiya Fanlar Akademiyasi Hujayra biofizikasi instituti xodimlari bilan hamkorlik Oʻzbekistonda biofizikaning yangi yoʻnalishilari rivojlanishiga va shu sohada yangi ilmiy maktab yaratilishiga asos boʻladi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti katta ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori Marina Sanamyan va Rossiya Fanlari Akademiyasining Sibir boʻlimi huzuridagi Sitologiya va Genetika instituti yetakchi ilmiy xodimi Olga Silkova “Gʻoʻzaning Gossypium barbadense dan Gossypium hirsutum ga xromosomasi almashinuvi asosida yangi qimmatli-hoʻjalik belgilariga ega liniyalar yaratish” loyihasi ustida tadfiotlarga rahbarlik qiladilar. Mazkur tadqiqot natijasida gʻoʻzaning yangi (2, 4, 6, 7 va 18) boʻyicha xromosomasi-almashgan liniyalari olinadi, bunday liniya analogi AQSHda ham mavjud emas. Nazariy va amaliy jihatdan gʻoʻzada xromosomasi-almashgan liniyalarni olish bosqichlari mukkamallashtiladi, olingan liniyalarni sitogenetik va molekulyar-genetik jihatdan tahlil qilinadi.
“Metabolom va genom profil qonuniyatlarini fudomiksga yoʻnaltirilgan oziq-ovqat xavfsizligini oshirish va aholi salomatligini muxofaza qilishga yondashuvning asosiy indikatorlari sifatida oʻrganish” loyihasi Ilgʻor texnologiyalar markazi katta ilmiy xodimi biologiya fanlari nomzodi Dilbar Dalimova Kopengagen universitetida professor vazifasini bajaruvchi falsafa fanlari doktori Behzod Hakimov boshchiligida bajariladi. Ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida Oʻzbekistonda yuqori sezgirlikka ega analitik metodlar va uskunalar, shuningdek zamonaviy hisoblash algoritmlaridan foydalanish yordamida oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsizligida xavf omillarini kompleks tahlil qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini molekulyar tarkibini oʻrganish va ularning salomatlikka, aholi oʻrtasida kasalliklarni kelib chiqishi va rivojlanishiga taʼsir qilishini oʻrganish uchun fudomiks-platforma yaratiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini molekulyar tahlil natijalari va metabolitlarni xilma-xilligini oʻrganish isteʼmol qilishda xavf omillarini aniqlash, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini sifat nazoratini zamonaviy standartlarini joriy qilishga imkon beradi. Ilmiy izlanishlar davomida olingan katta miqdordagi maʼlumotlar yangi kompleks fan – fudomiksni shakllantirishga imkon beradi, aholining maqsadli guruhlarining parhez odatlariga asoslangan ovqatlanishni baholashning milliy tizimi (NDSS) ishlab chiqiladi.
Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo institutidan biologiya fanlari doktori, akademik Ravshan Sabirov hamda Nyu-York shtati universiteti, katta ilmiy xodimi Abduqodir Toʻychiyev “Hujayra hajm boshqarilish tizimining normal va rak hujayralari proliferatsiyasi hamda oʻlimidagi roli va uning farmakologiyasi” mavzusida tadqiqot oʻtkazadilar. Hujayra fiziologiyasining eng fundamental xususiyati – hajm boshqarilish tizimining hujayra proliferatsiyasi va oʻlimidagi roli normal limfotsitlarda hamda gistolitik limfomadan olingan U937 hujayralarida aniqlanadi. Hajmga bogʻliq ion kanallarining biofizik farmakologiyasi rivojlantiriladi. Nyu-York shtati universiteti xodimlari bilan hamkorlik Oʻzbekistonda biofizikaning yangi yoʻnalishiga va shu sohada yangi ilmiy maktabga asos boʻladi.
“Reproduktiv yoʻqotishlarning xalqlararo umumgenom assotsiativ (GWAS) tadqiqoti” Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo institutidan biologiya fanlari doktori Pyotr Merzlyak hamda Buyuk Britaniyaning Surreya universiteti boʻlim boshligʻi professor Inga Prokopenko rahbarligida amalga oshiriladi. Koʻp maratoba homilani tutib tura olmagan 1000 nafar ayollar va 4000 nafar klinik sogʻlom homiladorlik va tugʻruq jarayoni normal kechgan ayollarda targetli genotiplashni oʻtkazilgandan soʻng homila tushishiga statistik assotsirlangan lokuslar, polimorfizmlar aniqlanadi. Homilani tutib turolmaslikning biokimyoviy mexanizmlarini aniqlanadi. Terapevtik preparatlar taʼsiriga sezuvchanlikni aniqlash maqsadida turli xil toʻqimalarda preparatlar metabolizmida qatnashuvchi gen ekspressiyasi oʻrganiladi va assotsirlangan genlar tanlab olinadi. Toksikoz, homilani tutib tura olmaslik hamda chaqaloqning oʻlik tugʻilishi oʻrtasidagi assotsiatsiyasini multifenotipik tahlili oʻtkaziladi. Oʻzbekiston aholisida homilani tutib tura olmaslik bilan assotsiatsiyalangan polimorfizmlar referens paneli yaratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring