Qanday masalalar ijobiy yechim topdi?

17:10 08 Yanvar 2024 Jamiyat
399 0

Avval xabar qilinganidek, shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan tashkil etilayotgan brifinglarda qoʻmitalarning 2023-yildagi faoliyati haqida axborot berilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olinmoqda.

Quyi palataning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi brifingida maʼlum qilinganidek, hisobot davrida qoʻmita agrar va suv xoʻjaligi sohasini yanada rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini taraqqiy ettirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, yer islohotlarini olib borish kabi muhim yoʻnalishlarning huquqiy poydevorini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratgan.

Oʻtgan davrda qoʻmita qonun ijodkorligi yoʻnalishida 11 ta qonun loyihasi uchun masʼul boʻlgan. Shuningdek, tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, gidrotexnika inshootlari xavfsizligini taʼminlash, oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan 3 ta yaxlit qonun ustida ish olib borgan.

Qonun loyihalarini ishlab chiqish va ularning har jihatdan pishiq va mukammal boʻlishida qoʻmita ishchi guruhlari faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hisobot davrida qoʻmita masʼul boʻlgan qonun loyihalari muhokamasi boʻyicha jami 54 ta yigʻilish oʻtkazilgan.

Shuningdek, qonunlar va qonunosti hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat-tahlil tartibida oʻrganish hamda ular yakunlari boʻyicha davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining axborotini eshitishga alohida eʼtibor qaratilgan.

2023-yilda saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan masalalar va joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchilik hamda muammolarga mutasaddilar eʼtiborini qaratgan holda hal etishga ham jiddiy yondashilgan.

Bundan tashqari, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlarning joylardagi ijro etilishi holati Fargʻona, Toshkent, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida oʻrganilgan.

Brifingda ortda qolgan yil qoʻmita uchun samarali va natijalarga boy boʻlgani taʼkidlandi. Xususan, qoʻmita tashabbusi bilan suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi xodimlariga mahalliy byudjetdan toʻlab kelinayotgan oylik maoshlari 2024-yildan boshlab Respublika byudjetidan toʻlanadigan boʻldi. Bu orqali Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi xodimlarining oylik maoshlari sezilarli oshirilishi va ularning ijtimoiy himoyasi toʻliq taʼminlanishiga erishilgan.

Shu bilan birga, oʻtgan davrda qoʻmita aʼzolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan jami 9 ta deputat soʻrovi yuborilgan. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish, ularni hal etishga alohida eʼtibor qaratilgani, qoʻmita nomiga kelib tushgan 300 ta murojaat belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan holda, ularning salmoqli qismi ijobiy yechim topgan.

Hisobot davrida qoʻmita faoliyati ommaviy axborot vositalarida jami 1 556 marotaba yoritilgan.

Brifingda qoʻmitaning kelgusidagi faoliyati haqida ham axborot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер