“Qamchiq” dovonida yuk mashinasi yonib ketdi
Videodan kadr
Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari “Qamchiq” dovonida yuk avtomobilida sodir boʻlgan yongʻinni bartaraf etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun, 11-aprel kuni soat 15:43 da A-373 avtomobil yoʻlining “Qamchiq” dovonidan oʻtgan qismida “Toshkent-Vodiy” yoʻnalishida harakatlangan “Iveco” rusumli yuk avtomobilida yongʻin yuzaga kelganligi toʻgʻrisida “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Aytilgan manzilga 2 ta qutqaruv boʻlinmasi soat 15:53 da yetib borib, 15:55 da yongʻinni oʻrab olgan va alanga 16:00 da toʻliq oʻchirilgan.
Yongʻin oqibatida yuk avtomobilining saloni toʻliq va tirkamasi qisman yonib zararlangan. Tezkor harakatlar natijasida yongʻindan yuk avtomobili tirkamasining taxminan 90 foiz qismi saqlab qolingan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq.
Shuningdek, bir guruh fuqarolar haydovchiga transport vositasi tirkamasidagi yukni zudlik bilan xavfsiz joyga tushirishda yordam koʻrsatgan va koʻriladigan zarar miqdorini nisbatan kam boʻlishiga hissa qoʻshgan.
FVVga koʻra, hozirda mazkur yongʻinning kelib chiqish sababi va keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring