Qamashida IIB xodimi ustiga benzin sepildi: Voqeaga noqonuniy yer egallash sabab boʻlgan
Foto: Ижтимоий тармоқлардаги видеодан скриншот
Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va bir guruh fuqarolar oʻrtasidagi janjal voqeasi tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur voqea Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining Toʻqboy qishlogʻida sodir boʻlgan. Holatga munosabat bildirgan Qamashi tuman hokimligi videodagi voqea shu yilning 19-fevral kuni sodir boʻlganini maʼlum qildi.
Tarqalgan videolardan koʻrinishicha, koʻplab ichki ishlar xodimlari va davlat idoralari xodimlari tuproq ortuvchi traktor vositasida qandaydir noqonuniy qurilmani buzmoqchi boʻlishgan. Ularga bir guruh ayollar keskin qarshilik qilishmoqda.
Kutilmaganda oʻsha yerdagi yigitlardan biri qoʻlidagi yelim idishda ichki ishlar organi xodimlaridan birining ustiga yonilgʻiga oʻxshash suyuqlik sepib yuboradi. Qolgan ichki ishlar organi xodimlari uni quvib ketishadi.
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Qamashi tuman hokimligi axborot xizmati bilan birga rasmiy bayonot berib, unda ushbu koʻngilsiz voqeaning bosh sababi nima ekanligiga aniqlik kiritgan.
“Qamashi tumani “Toʻqboy” MFY Toʻqboy qishlogʻida yashovchi fuqaro Madina Poyonova tuman hokimligiga tadbirkorlik qilish maqsadida murojaat qilgan.
Qamashi tumani hokimining 2019-yil 12-iyuldagi X-4448/07-sonli qaroriga asosan unga Toʻqboy qishlogʻidagi 13-umumtaʼlim maktabi yonidan oʻtgan yoʻl yoqasidan “Yengil tipdagi kitob doʻkoni” qurish uchun fuqaro M.Poyonovaga 60 kv.metr yer maydoni ajratilgan.
Lekin fuqarolar — M.Poyonova va uning akasi A.Poyonov hamda Sh.Toʻrayev oʻzboshimchalik bilan tuman hokimi qarori bilan ajratilgan 60 kv.m yer maydonidan tashqari 120 kv.m.dan ortiq yer maydonini noqonuniy oʻzlashtirishib, ushbu maydonga ham beton poydevor qoʻygan.
Noqonuniy qoʻyilgan bu poydevor maktabning oldi tomonini butunlay toʻsib qoʻygan hamda taʼlim dargohining tashqi koʻrinishiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Shuning uchun tuman hokimligi qurilish boʻlimi xodimlari tomonidan ushbu qonunbuzarlik oʻz vaqtida aniqlanib, fuqarolar M.Poyonova va uning akasi A.Poyonov hamda Sh.Toʻrayev 3-marta yozma va bir necha bor ogʻzaki ogohlantirilgan. Lekin ular qonunga amal qilmasdan, oʻzlarining noqonuniy faoliyatini davom ettirgan.
Shu sababli shu yilning 19-fevral kuni tuman hokimligi qurilish boʻlimi va tuman IIB xodimlari tomonidan fuqarolar — M.Poyonova, A.Poyonov hamda Sh.Toʻrayev noqonuniy poydevor tashlangan joyning oʻzida avval batafsil tushuntirishlar orqali ogohlantirilgan. Soʻngra oʻzboshimchalik bilan qurilgan poydevor buzib olingan.
Tuman hokimi qarori bilan fuqaro M.Poyonovaga “Yengil tipdagi kitob doʻkoni” qurish uchun berilgan 60 kv.m yer maydoni oʻz joyida qoldirilgan.
Buzish jarayonida 1990-yilda tugʻilgan Arslon Poyonov tuman hokimligi va tuman IIB xodimlariga qarshilik koʻrsatib, poydevorni buzayotgan traktor oldini toʻsib, singlisi M.Poyonovaning qoʻlidagi 5 litrlik kondensat yonilgʻisini tuman IIB xodimi B.Avlayevga sepib, voqea joyidan qochib ketgan.
Ayni kunlarda A.Poyonov va fuqarolar M.Poyonova hamda Sh.Toʻrayevga nisbatan bu huquqbuzarlik holati boʻyicha tuman ichki ishlar boʻlimining hudud profilaktika noziri tomonidan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqida qaror qabul qilinib, tuman maʼmuriy sudiga taqdim etilgan.
Qamashi tumani prokuraturasi ham aholi va maktab maʼmuriyatining haqli eʼtirozini inobatga olib,tuman hokimi qaroriga amal qilinmasdan qoʻshimcha tarzda tashlangan mazkur bino poydevorining noqonuniyligini oʻrganib, qonun buzilish holatini aniqlagan va fuqaro M.Poyonova Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 200-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi sababli tegishli tartibda maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatish haqida qaror qabul qilib, tuman maʼmuriy sudiga taqdim etgan. Mazkur qonunbuzarlik holati 16-martda sudda koʻrib chiqilishi belgilangan”, deyiladi bayonotda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring