Qalqonota — qariyb ikki yarim ming yillik tarixga ega qishloq
Foto: “Xalq soʻzi”
Navoiy viloyati Navbahor tumanida joylashgan Qalqonota yurtimizning qariyb ikki yarim ming yillik tarixga ega qishloqlaridan biri. Arxeologik topilmalar miloddan avvalgi VII-V asrdayoq u yirik savdo markazlaridan biri boʻlgani, kosib va hunarmandchilik nihoyatda ravnaq topganligidan dalolat beradi. Ayniqsa, Qizimon tepaligida olib borilgan tadqiqotlardan Qalqonota qadimda mustahkam qoʻrgʻon va shahriston boʻlganligi oydinlashadi. Qoʻrgʻon va togʻ oraligʻidan topilgan sopol quvurlar tarmogʻi esa u qadimdayoq zamonasining farovon goʻshalaridan biri ekanligidan tarixiy ashyodir. Qishloqning nomlanishiga kelsak, el orasida turli qarash va rivoyatlar ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelmoqda.
- Qalqonota qishlogʻi nomlanishi bilan bogʻliq ikki qarash bor, - deydi Navoiy davlat pedagogika institutining tarix fakulteti dekani Rustam Qarshiyev. - Biri qadimda turli istilo va bosqinlarga qishloq qalqon vazifasini oʻtaganligi xususida boʻlsa, ikkinchisi mazkur goʻshada X asrda yashab oʻtgan shayx Haraqoniy shaxsi bilan bogʻliq. Shayx hazratlari ushbu qishloqqa dafn etilgan. Ziyoratgoh shoʻro zamonida anchayin qarovsiz ahvolda qolib ketgan.
Shayx Abul Hasan Haraqoniy ziyoratgohi bugungi kunda obod va orasta qadamjoga aylantirilgan. Bir qator tadqiqot va oʻrganishlar natijasiga koʻra esa “Harqon” iborasi shayxga qadar ham isteʼmolda boʻlganligi aniqlandi. Xususan, tarixchi Muhammad Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida Buxoro vohasini sugʻoruvchi anhorlar, obod qishloqlar, rabotlar va koʻshklar haqida maʼlumotlar berarkan, voha VIII—XII asrlarda Karmana, Shopurkom, Harqonat ul-Ulyo, Harqonrud, Ov-xitfar, Somjon, Baykonrud, Farovizi Ulyo, Komi Daymun, Arvon kabi sugʻorish tarmoqlari orqali suv bilan taʼminlanganligini qayd etadi. Muarrix tilga olgan Harqonrud nomidagi “Harqon” va “rud” soʻzlari qadim soʻgʻdiy va forschadan “katta” va “ariq” maʼnolarini berishini, qishloq nomi esa Zarafshon daryosidan keltirilgan suv inshooti bilan bogʻliq, degan farazlar ilgari surilishiga asos boʻlmoqda. Alqissa, Harqonrud, yaʼni bugungi Qalqonota qishlogʻi vohaning obod va farovon maskanlaridan biri boʻlganligi Navoiy pedagogika instituti tarixchi va tilshunos olimlari hamkorligida yanada chuqurroq oʻrganilmoqda.
- Vatan tarixining asosiy yoki nomuhim masalalari boʻlmaydi, - deydi institutning matbuot kotibi Kamol Xolov. - Har bir obidasi, tarixiy yodgorliklari, u yerda yashab oʻtgan ulugʻ insonlari hayoti va faoliyatini oʻrganish, ularning ilmiy merosini yosh avlod qalbiga singdirish ayni zarurat. Shu maʼnoda katta-katta shaharlarga asos boʻlgan qishloqlar tarixini oʻrganish ham gʻoyat dolzarbdir.
Qoʻshimcha qilsak, qadim qishloqlar tarixi, nomlarining kelib chiqishi, har bir yodgorlik kechmishini oʻrganish yurtdoshlarimiz qalbida tarixiy xotira, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini yuksaltirishi shubhasiz.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring