Qalam ahli salomatligi nazorat qilinmoqda
Andijon shahridagi 8-oilaviy poliklinikada Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamda Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi hamkorligida OAV, axborot xizmatlari xodimlari, bloger va ijtimoiy tarmoq faollari uchun bepul tibbiy koʻrik tashkil etildi.
— Viloyatimizda yashab ijod qilayotgan, shu sohalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun bu kabi tadbirlarni tashkil etish anʼanaga aylangan, — deydi boshqarma xodimi Mufazzalsho Muhammadiyev. — Salomatlik muolajalarida tibbiy markazlarning malakali mutaxassislari, Andijon davlat tibbiyot instituti va klinikasining tajribali shifokorlari xizmatidan foydalandilar.

Ijodkorlar tibbiyotning oʻn beshta yoʻnalishi boʻyicha shifokorlar nazoratida boʻldilar.
— Bundan tashqari, umumiy qon, qand tekshiruvi, jigar sinamalari, gepatit tahlili boʻyicha laboratoriya, rentgen, UZI, EKG, filyurografiya tekshiruvlari tashkil etildi, —deydi Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Maxpuraxon Ortiqova. — Ayniqsa, faxriy ijodkorlarning tibbiy koʻrikka jalb etilganligi xayrli amallardan biri boʻldi.
Shu kuni sohaning 200 nafardan ziyod vakillari va faxriylari salomatligi muhofaza qilindi. Kasallik aniqlangan bemorlarga davolanishlari uchun yoʻllanmalar berildi, baʼzilari profilaktik maslahatlardan bahramand boʻlishdi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring