Qayta aloqa tizimlari faoliyatidagi qonunbuzilishi holatlari uchun ayrim vazirlik va hokimliklarga taqdimnoma kiritildi — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

20:06 22 Yanvar 2024 Jamiyat
679 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrdagi PF-200-son Farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash vazifasi yuklatilgan.

Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida yoʻlga qoʻyilgan qayta aloqa tizimlarining samaradorligi darajasi, shuningdek, ishonch telefonlari faoliyatining sifati “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri orqali oʻrganib borilmoqda.

Bunday tadbirlar orqali qayta aloqa tizimining samaradorligi darajasi telefon qoʻngʻiroqlarga oʻz vaqtida javob berilishi, aloqa raqamlari orqali ariza, taklif va shikoyatlar qoldirish imkoniyati yaratilganligi, shuningdek, murojaat etuvchilarga real vaqt rejimida oʻzlari masʼul boʻlgan sohaga oid tushuntirish va yuridik maslahatlar berish mexanizmi joriy etilganligi baholanadi.

Jumladan, 2024-yil 10-16-yanvar kunlari davomida 21 ta vazirlik hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari masofaviy monitoring tartibida oʻrganildi.

Oʻrganishlarda qator vazirlik va idoralarning rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan idoraviy aloqa (ishonch telefonlari) raqamlari orqali bir necha bor bogʻlanishga harakat qilinganda, qoʻngʻiroqlar javobsiz qoldirildi.

Ayrimlarida esa “Ishonch telefonlari xizmat faoliyati reglamenti”ga muvofiq, telefon qoʻngʻiroqlarini qabul qilish uzluksiz (dam olish kunlarisiz) tunu kun 24/7 rejimida amalga oshirilishi toʻgʻrisida maʼlum qilingan boʻlsa-da, oʻrganish davomida mazkur aloqa raqamlari ishchi holatda emasligi aniqlandi.

Shu kabi qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini koʻrish boʻyicha 6 ta vazirlik (Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Qishloq xoʻjaligi, Transport, Energetika va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) va 2 ta viloyat hokimligi (Andijon va Namangan viloyati hokimligi)ga taqdimnomalar kiritildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер