Qaysi viloyatda ishsizlik darajasi yuqori?
2019-yil yakuniga koʻra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmi joriy narxlarda 511,8 trln. soʻmni tashkil etgan holda, oʻtgan yilga nisbatan 5,6 foizga oʻsdi. Oʻtgan yil bilan taqqoslanganda YAIM tarmoqlari tarkibida qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligining ulushi 28,0 foizdan 25,5 foizga kamayib, sanoatning ulushi 23,6 foizdan 27,3 foizga, qurilishning ulushi 5,4 foizdan 5,9 foizga oʻsishiga erishildi.
Bu haqda 26-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining videokonferens aloqa tarzida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida maʼlum qilindi.
Yigʻilishda fraksiya aʼzolari Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yildagi ijrosi yuzasidan Moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod Sultonovning hisobotini tingladi.
Taʼkidlanganidek, 2019-yil holatiga, aholi umumiy daromadlari 344,7 trln. soʻmni tashkil etib, 2018-yilga nisbatan 106,5 foiz real oʻsishga erishildi. Aholi jon boshiga hisoblangan umumiy daromadlar 10,3 mln. soʻmni, nominal oʻsish surʼati 119,7 foizni, real oʻsish surʼati esa 104,5 foizni tashkil etdi.
Hisobot davrida iqtisodiyotga Davlat byudjetidan rejalashtirilgan mablagʻlarning salkam 18,5 trln. soʻmi yoki YAIMga nisbatan 3,6 foiz mablagʻ sarflangan. Jumladan, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, meliorativ texnikalar xarid qilish uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan jami 437,3 mlrd. soʻm ajratilgan.
Yigʻilishda deputatlar Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil birinchi chorak yakunlari boʻyicha ham axborotini eshitdi.
Hisobotda taʼkidlanganidek, joriy yilning birinchi choragida Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil qilib, eng yuqori ishsizlik darajasi 9,8 foiz bilan Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida, 9,7 foiz bilan Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida qayd etilgan boʻlsa, eng past koʻrsatkich Toshkent shahrida (7,8 foiz) aniqlangan. Ishga joylashtirishga muhtoj mehnat bilan band boʻlmagan aholi (ishsizlar) soni 1 399,7 ming kishini tashkil etgan.
Yigʻilishda ishsiz shaxslarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga keng jalb etish asosida aholi bandligini taʼminlash uchun davlat rahbarining 2017-yil 24-maydagi tegishli Farmoniga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasini tashkil etish muhim qadam boʻlgani qayd etildi. Vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisob raqamida 2019-yilda moliyalashtirilgan mablagʻlar hisobidan 16,9 mlrd. soʻm mablagʻ qoldigʻi mavjud boʻlib, 2020-yil birinchi chorak davomida Respublika byudjetidan 45 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgani aytib oʻtildi.
Deputatlar elektorat manfaatlaridan kelib chiqib koʻtarilgan masalalar, savol-javoblar va muhokamalardan soʻng, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yildagi hamda 2020-yil birinchi chorak yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni maʼqulladilar.
Fraksiya yigʻilishida shuningdek, “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi hamda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring