Qaysi tadbirkorlik subyektlari insofli soliq toʻlovchi? soliq huquqbuzarlari-chi, ular kimlar?

10:12 04 Iyul 2020 Iqtisodiyot
2039 0

Keng jamoatchilik bu kabi maʼlumotlarni bilishga haqli va ular bilan “Soliq sohasida jamoatchilik nazorati” veb-portalida yaqindan tanishish mumkin.

“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi tomonidan yaratilgan ushbu portal my2.soliq.uz elektron manzilida faoliyat yuritadi. Unda 30 ga yaqin soliqqa oid huquqbuzarlikning tavsifi va ularga belgilangan javobgarlik turi, jarima miqdorlari batafsil aks etgan. Shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektlar toʻgʻrisida soliq siri hisoblanmaydigan maʼlumotlar joylashtirilgan. QQS toʻlovchilari, soliqlar va boshqa yigʻimlar boʻyicha qarzdorlar, bankrot korxonalar roʻyxati ham taqdim etilgan.

Qay biri boʻlish masʼuliyatga bogʻliq

Insofli soliq toʻlovchilar va soliq sohasidagi huquqbuzarlar roʻyxati esa portalning eng asosiy nuqtalaridan biri. Mazkur roʻyxat tarkibi har kuni portalda avtomatik tarzda yangilab boriladi. Uni shakllantirishda hozircha tadbirkorlik subyektlarining faqat qarzdorlik holati eʼtiborga olinyapti. Kelgusida soliq toʻlovchilarni mazkur toifalarga ajratishga asos boʻladigan aniq mezonlar sonini kengaytirish rejalashtirilgan.

Agar vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlari insofli soliq toʻlovchilar roʻyxatida boʻlsa, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq taʼtillari berilishi mumkin. Soliq sohasidagi huquqbuzarlar roʻyxatidan oʻrin egallagan tadbirkorlik subyektlarining esa insofli soliq toʻlovchilar safiga qoʻshilishi yoki hech boʻlmaganda oʻz faoliyatiga nisbatan munosabatini ijobiy tomonga oʻzgartirishi uchun albatta, imkoniyat bor.

Bu – birgalikdagi kurash

Ushbu veb-portal orqali soliq huquqbuzarlarini aniqlash va ularga qarshi kurashishda soliq xizmati organlariga yaqin koʻmakchiga aylanish mumkin. Yaʼni, soliq huquqbuzarligidan xabardor boʻlgan istalgan shaxs portalda qayd etilgan “Ishonch telefoni” yoki elektron ariza yuborish orqali bu haqda davlat soliq xizmati organlariga xabar bera oladi. Bunda huquqbuzar tashkilot nomi (yoki fuqaroning ismi-sharifi), qaysi hududda joylashgani, huquqbuzarlik sodir etilgan manzil kabi maʼlumotlar aniq va toʻliq koʻrsatilishi talab etiladi. Elektron ariza bilan birgalikda huquqbuzarlikka oid foto, audio hamda videomaterial yoki boshqa hujjatli maʼlumotlarni ham havola etish mumkin.

Foydalanuvchi oʻzining xabari bilan bogʻliq holda kechadigan barcha jarayonlar - huquqbuzarlik faktining tasdiqlanishi, huquqbuzarlikka oid tushuntirishlar, (mavjud boʻlsa) tekshiruv natijasi, huquqbuzarlarning jarimalari haqida xabardor boʻlib borish imkoniga ega.

Demak, bu soliq soliq xizmati organlari va jamoatchilikning soliqqa oid huquqbuzarliklarni kamaytirish va oʻz vaqtida bartaraf etishdagi birgalikdagi kurashi boʻladi.

Farruh AHMEDOV,
Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер