Qahramon tahsil olgan maktabda oʻqiyotganimdan gʻururlanaman — Sardorbek Karimov
Baliqchi tumanida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Chinobod shaharchasidagi 39-umumtaʼlim maktabining sobiq oʻquvchisi, harbiy xizmat paytida qahramonlarcha halok boʻlgan Asilbek Mirzayev xotirasi esga olindi.
— Asilbek Chirchiq shahridagi Oliy qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida tahsil olgan, — deydi tuman hokimligi matbuot xizmatining rahbari Muzaffarbek Karimov. — 2000-yil 16-sentabr kuni Surxondaryo viloyatida bir guruh terrorchi toʻdalarga qarshi harakatda mardlik koʻrsatgan. Bugungi tinch va totuv hayotimiz uchun kurashgan va jonini fido qilgan bu oʻgʻlonning nomi avlodlar xotirasida doim saqlanadi.

Tadbir davomida Asilbekning ustozlari, doʻstlari, oila aʼzolari soʻz olishib, harbiy xizmatchi sifatidagi namunali fazilatlari haqida aytib oʻtishdi.
— Men qahramon tahsil olgan maktabda oʻqiyotganimdan gʻururlanaman, — deydi 39-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Sardorbek Karimov. — Aʼlo baholarda oʻqib, Asilbek akam kabi elu yurtga naf keltiradigan jasur inson boʻlib ulgʻayaman.
Xotira kechasida ustozlar Asilbekning ibratli hayoti va xizmat faoliyati haqida yoshlarga soʻzlab berishdi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring