Prokurorlar sektorlarida ish qanday ketmoqda?
Surxondaryo viloyati prokurorlari sektorlarida aholi muammolarini aniqlash va hal etishda Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini koʻrish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyati tuman va shahar prokurorlari sektorlari 202 ta fuqarolar yigʻini hududidagi 118 734 ta xonadonda yashovchi 700 030 nafar fuqaroning turmush tarzini, oilaviy ahvolini, ularning ijtimoiy muhofazasi, uy-joy va kommunal sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar samarali tashkil etilyapti.
Oʻtgan yilda ushbu aholi xonadonlariga uyma-uy yurish davomida aniqlangan 8 253 ta muammo bartaraf etilgan. Xususan, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida prokurorlar sektorlari hududida istiqomat qiluvchi 746 ta kam taʼminlangan oilalarga 5 mlrd. 703 mln. soʻm imtiyozli kredit ajratiliishga amaliy yordam koʻrsatilib, ularning moddiy ahvoli yaxshilanishiga erishilgan.
Prokurorlar sektorlarida kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida dastur ishlab chiqilib, unga asosan kam taʼminlangan oila ahvoli oʻrganilib, ushbu oilalarni tadbirkorlikka jalb etish, ishga joylashtirish, tomorqa yer maydonlaridan foydalanishdagi muammolarini bartaraf etish choralari koʻrilganligi natijasida 1618 ta oila kam taʼminlangan oilalar roʻyxatidan chiqishiga erishilgan.
Shu bilan bir qatorda, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan 1 259 ta muammo bartaraf etilgan. Denov tuman 2-sektor hududidagi “Yurchi” mahallasida joylashgan suv minorasi qayta taʼmirlanib, 300 dan ortiq aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashga erishilgan.
Muzrabot tuman 2-sektor hududidagi “Gulobod” MFYning Tinchlik koʻchasiga 9 ta elektr sim yogʻochlari oʻrnatilishiga hamda “Dehqonobod” MFYga kirish yoʻlidagi asosiy koʻprikning taʼmirlanishiga amaliy yordam koʻrsatilgan.
Viloyatdagi prokurorlar sektorlarida Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratilayotgani eʼtiborga molik.
Bir soʻz bilan aytganda, hududlarni sektorlar kesimida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi tizimi oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda. Hududlarda prokurorlar sektorlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish xalq prokuraturasini shakllantirishning muhim omillaridan biri ekanligini toʻliq anglab yetdi.
Munira TURSUNOVA, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring