Prokurorlar sektorlari: dolzarb masalalar yechimiga manzilli yondashuv

13:54 28 May 2022 Jamiyat
1582 0

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida barcha soha hamda tarmoqlarda mutlaqo yangicha va samarali ish uslubi tatbiq etildi. Buni birgina ushbu yangilanish davrining ilk kunlaridan boshlab, aholi muammolari, ayniqsa, kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar, xotin-qizlar, yoshlar hamda nogironligi bor shaxslar bilan manzilli ishlashning xalqchil mexanizmlari joriy etilganidan ham anglash mumkin.

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan bundan besh yil oldin tatbiq etilgan sektorlar tizimi nafaqat aholi muammolarini hal etish, balki hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ham yangi bosqichini boshlab berdi.

Sektorlar vositasida aholi bilan oʻrnatilgan doimiy muloqot esa muammolarni, ularning asl sabablari va hal etish mexanizmlarini oʻrganishga, odamlarni ish bilan taʼminlash imkonini berdi.

Keyingi paytlarda prokuror sektorlari tomonidan hunarmandchilik, tikuvchilik hamda kasanachilikni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, prokurorlar sektorlarida soʻnggi uch yil davomida 22,7 mlrd. soʻm kredit ajratilib, qariyb 4 ming 300 ta hunarmandchilik yoʻnalishidagi subyektlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Natijada 9166 nafar ehtiyojmand fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Aniq misollarga toʻxtaladigan boʻlsak, Qoʻngʻirot tumanidagi “Ustyurt” ovulida qoʻy junidan mahsulot ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etilib, 60 ta yangi ish oʻrni yaratildi, 30 ta xonadonda junni qayta ishlash faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tajribaning Qoraqalpogʻiston Respublikasining 25 ta ovul hamda mahallalarida joriy etilishi natijasida 235 ta xonadondagi 430 nafardan ziyod fuqarolarning bandligi taʼminlandi.

Poytaxtimizning Olmazor tumani Oltinsoy mahallasida yogʻoch oʻymakorligi markazi tashkil etilib, 20 nafar kishi muqim ish joyiga ega boʻldi hamda 10 nafar yoshga “Ustoz — shogird” anʼanasi asosida yogʻoch oʻymakorligi hunari ham oʻrgatilmoqda. Shuningdek, prokurorlar sektorlari koʻmagida oʻtgan uch yilda 60 mlrd. soʻmdan ziyod kredit ajratilishi hisobiga 4 ming 720 ta tikuvchilik korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi va qariyb 13 ming nafar fuqarolarning bandligi taʼminlandi.

Jumladan, Paxtaobod tumanidagi Nurdiyor mahallasida yashovchi N. Muxtorovga tikuvchilik faoliyatini rivojlantirish uchun 152 mln. soʻm imtiyozli kredit hamda subsidiya mablagʻi ajratildi va 20 dan ziyod yangi ish oʻrni tashkil etildi.

Shuningdek, Jondor tumanidagi pedagogika kollejining boʻsh binosida tikuvchilik kooperatsiyasi tashkil etilib, 100 nafar xotin-qizning, Zafarobod tumanidagi Yorqin mahallasida yashovchi R.Umirzoqovaning xonadonida tikuvchilik sexi ishga tushirilib, 15 nafar ishsizning bandligi taʼminlandi.

Bu hali hammasi emas. Prokurorlar sektorlarida 8,2 mlrd. soʻmlik kredit hisobidan 1 ming 600 dan ortiq kasanachilarning faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Buning natijasida 2 ming 400 nafarga yaqin fuqaro doimiy daromad manbaiga ega boʻldi.

Bogʻot tumanida ishga tushirilgan kasanachilik yoʻnalishidagi 32 ta tadbirkorlik subyekti, Rishton tumanidagi Oqtomir mahallasida tashkil etilgan va 20 nafar ayol mehnat qilayotgan “Zarina nafis gilamlari” kooperativi ham ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan saʼy-harakatlar samarasi, desak, ayni haqiqat.

Umuman olganda, prokurorlar sektorlarida dolzarb masalalar yechimiga manzilli yondashilayotgani, jumladan, har bir ehtiyojmand oiladagi vaziyat chuqur oʻrganilib, uning muammosini toʻliq hal qilishga eʼtibor qaratilayotgani qisqa muddatlarda oʻzining amaliy natijalarini bermoqda.

“Xalq soʻzi”.

Hasan Paydoyev olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер