Profilaktika natijasida ov qurollari ixtiyoriy topshirildi
Profilaktika – huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Negaki, kasallikni davolagandan koʻra, uning oldini olgan afzal. Shu bois ham, Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan joylarda oʻtkazilayotgan turli profilaktik tadbirlar oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda.
Xususan, oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari natijasida fuqaro J.M. viloyat bojxona boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, oʻz xohish istagi bilan uyida mavjud boʻlgan ov qurolini tezkor xodimlarga taqdim etdi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, yana bir fuqaro O.O. ham marhum bobosi yashagan hovlining tom qismidan topilgan ov qurolini bojxona xodimlariga topshirdi.
Bundan koʻrinib turibdiki, joylarda aholi oʻrtasida oʻtkazilayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasi odamlarning huquqiy tushunchasini oshirish bilan birga, sodir etilishi mumkin boʻlgan koʻngilsiz hodisalarning oʻz vaqtida oldini olishda ham juda qoʻl kelmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring