Prezident yangi qarorni imzoladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Pochta aloqasi tizimi bugungi kunda mamlakat hududlarida xat va pochta joʻnatmalari bilan bir qatorda tovarlarni yetkazib berish, bank, moliya va davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha oʻz infratuzilmasiga ega boʻlgan muhim soha hisoblanadi.
“Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizning pochta aloqasi milliy operatori sifatida respublika miqyosida
2 mingga yaqin pochta aloqasi obyektiga ega boʻlib, barcha aholi punktlarini qamrab olgan.
Shu bilan birga, Milliy operator tarmogʻini rivojlantirish
boʻyicha yetarlicha choralar koʻrilmaganligi oqibatida Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida Oʻzbekiston 93-oʻrinda qolmoqda.
Pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish faoliyatini toʻliq avtomatlashtirish orqali Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish maqsadida:
1. Quyidagilar pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
a) xat-xabar tashish va kuryerlik xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha:
pochta va kuryerlik xizmatlarini taqdim etish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda “yakuniy manzil” xizmatini joriy etish;
pochta aloqasining anʼanaviy xizmatlarini takomillashtirish, ularni raqamlashtirish, joʻnatmalarni qabul qilish, kuzatib borish va yetkazish jarayonlariga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish orqali aholi, biznes va davlat idoralariga zamonaviy xizmatlarni taqdim etish;
“Gibrid pochta” joʻnatmalarini qabul qilish va yetkazib berish xizmatlari sonini 2 barobarga oshirish;
b) elektron tijorat bozoridagi faoliyatni rivojlantirish boʻyicha:
mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi elektron savdo maydonchasi axborot tizimini yaratish;
logistika markazlarini tashkil etish, tovarlarni saqlash va yetkazib berishni oʻz ichiga olgan xizmatlarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish;
v) xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirish boʻyicha:
pochta aloqasi obyektlari orqali toʻlovlarni onlayn rejimda qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimini modernizatsiyalash va uning mobil ilovasini ishlab chiqish;
respublikaning kamida 1 000 ta pochta boʻlimida, ayniqsa, olis va chekka hududlarda moliyaviy xizmatlar turlarini, xususan, aholidan toʻlovlar qabul qilishni ikki barobarga kengaytirish hamda autsorsing asosida bank xizmatlari koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish;
olis va chekka hududlardagi pochta boʻlimida davlat xizmatlari koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish;
pochta aloqasi sohasida joriy etilayotgan yangi xizmat turlarini inobatga olgan holda Milliy operator tizimida faoliyat yurituvchi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
2. Quyidagilar:
2021–2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida pochta aloqasi sohasini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”1-ilovaga muvofiq;
2021–2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida pochta aloqasi sohasini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagilarni inobatga oluvchi 2021-yilda 42 ta namunaviy tumanlarda (shaharlarda) pochta aloqasi korxonalarini transformatsiya qilish loyihalarini koʻzda tutuvchi “Yoʻl xarita”larini 3–16-ilovalarga muvofiq amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
a) pochta binolarini qayta qurish va taʼmirlash hamda ulardan unumli foydalanish boʻyicha:
267 ta pochta aloqasi boʻlimi binosini taʼmirlash;
110 ta binoni davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy koʻrinishda qayta qurish boʻyicha kelishuvga erishish;
b) telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish
va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha:
326 ta pochta aloqasi boʻlimigacha 754 km optik tolali aloqa liniyalarini tortish;
250 ta pochta aloqasi boʻlimini zamonaviy kompyuter texnikasi va mobil qurilmalar bilan taʼminlash;
v) pochta aloqasi bogʻlamasining moliyaviy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda pochta xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha:
42 ta tuman pochta aloqasi bogʻlamasida “Gibrid pochta” joʻnatmalarini chop etish va unga ishlov bergan holda oluvchilarga yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish;
230 ta pochta aloqasi boʻlimida bank xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
55 ta qoʻshimcha pochta aloqasi boʻlimini ochish hisobidan 145 ta yangi ish oʻrni yaratish.
4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov) hamda Milliy operator (A.N.Fayzullayev):
2021-yil 1-fevralga qadar onlayn savdo maydonchasini ishga tushirib, mahsulotlarni respublika boʻyicha, ayniqsa, olis va chekka hududlarda savdoga olib chiqish, Milliy operator tarmoqlaridan foydalanib, sotilgan mahsulotlarni manzillarga yetkazib berish tizimini joriy etsin;
AT “Aloqabank” (K.N.Irisbekova) bilan birgalikda 2021-yil
1-martga qadar pochta aloqasining anʼanaviy va joriy etilayotgan yangi xizmatlari boʻyicha malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, oʻquv markazini tashkil qilsin hamda 2021-yil yakuniga qadar 2 000 ta, 2022-yilda barcha xodimlarning malakasi oshirilishini taʼminlasin;
2021-yil 1-aprelga qadar Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida bittadan pochta aloqasi obyektida mijozlar nomiga kelgan pochta joʻnatmalarini olish
uchun moʻljallangan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslarni (pochtamat) joriy etish boʻyicha sinov/namunaviy loyihalarni amalga oshirsin va 2021-yil yakuniga qadar yana 150 ta obyektda ushbu xizmatni joriy etish choralarini koʻrsin;
2021-yil 1-iyulga qadar pochta joʻnatmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan
tizimni ishga tushirsin hamda mahalliy va xorijiy kuryerlik kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan holda ularning tizimlariga integratsiya qilsin;
2021-yil 1-mayga qadar tijorat banklari bilan birgalikda bank plastik kartalariga pochta aloqasi boʻlimlari orqali toʻliq xizmat koʻrsatish (kartalarni mablagʻ bilan toʻldirish, naqd pul yechish, jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish) tizimini joriy etsin;
2021-yil 1-iyulga qadar pochta tarmoqlari orqali autsorsing asosida tijorat banklari nomidan jismoniy shaxslarga kredit berish toʻgʻrisida arizalarni qabul qilish, kreditlarni soʻndirish boʻyicha toʻlovlarni qabul qilish, yuridik shaxslar kunlik savdo tushumini qabul qilish kabi bank xizmatlari koʻrsatishni joriy qilishni taʼminlasin;
2021-yil yakuniga qadar internet-doʻkonlari tovarlarini saqlash va yetkazib berish xizmatlarini oʻz ichiga olgan 4 ta logistika markazini tashkil etsin.
5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, tijorat banklarining “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining 100 milliard soʻm miqdordagi oddiy aksiyalarini qoʻshimcha chiqarish hamda mazkur aksiyalarni 17-ilovada keltirilgan korxona va tashkilotlar orasida joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2020–2024-yillar yakuniga koʻra Milliy operator ustav kapitalidagi davlat ulushi boʻyicha hisoblangan dividendlar pochta aloqasi tarmogʻini rivojlantirish, axborot tizimlarini joriy etish va koʻrsatilayotgan xizmatlarni kengaytirish uchun ustav kapitalini oshirish (kapitalizatsiya qilish) sharti bilan Milliy operator ixtiyorida qoldirilsin.
6. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Milliy operator Adliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-apreldan boshlab olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi obyektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etilishini taʼminlasin.
Bunda, pochta aloqasi xizmati haqi koʻrsatilgan davlat xizmatlari uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlari va barcha turdagi toʻlovlar summasining 10 foizi miqdorida belgilanadi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan mablagʻlarning oʻziga yoʻnaltiriladigan qismi hisobidan toʻlab beriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PQ–4337-son hamda 2020-yil 7-maydagi “Eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4707-son qarorlariga muvofiq joriy etilgan mahsulotlarni eksport qilishda avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorida kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi mahsulotlarni eksport qilishda pochta joʻnatmalari orqali tashish xarajatlariga ham tatbiq etilsin.
Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (S.U.Umurzakov) bir oy muddatda mahalliy eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga mahsulotlarni eksport qilishda pochta joʻnatmalari orqali tashish xarajatlarini qisman kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish shartlari, miqdorlari va tartibini tasdiqlasin.
8. Milliy operator 2022-yil yakuniga qadar ushbu qaror bilan belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan avtomototransport vositalari, uskunalar, qurilmalar, moddiy-texnika resurslari, dasturiy taʼminot va xizmatlarni import qilishda bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
9. Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli
va oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
Bosh vazir maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M.Umarov – mazkur qarorda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etadi;
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sadikov – pochta aloqasi tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha operator va provayderlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, shuningdek, har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xarita”lari ijrosi toʻgʻrisida umumlashgan tahliliy maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari – aholi gavjum joylarda ustuvor ravishda pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish obyektlari uchun yer ajratish, pochta binolaridan samarali foydalanish, ularni zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablariga moslashtirishni taʼminlaydi, shuningdek, tashkil etilayotgan onlayn savdo maydonchasiga mahalliy mahsulotlarni joylashtirish ishlariga tadbirkorlarni keng jalb qiladi;
“Oʻzbekiston pochtasi” AJ Bosh direktori v.b. A.N.Fayzullayev – qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xarita”larida “Oʻzbekiston pochtasi” AJ oldiga qoʻyilgan vazifalar hamda chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydi.
10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul hamda shaxsiy javobgar etib Bosh vazir maslahatchisi O.M.Umarov va axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sadikov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 14-dekabr
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring