Prezident topshirigʻi nega bajarilmadi yoxud Termiz tumanidagi “Doʻstlik” bogʻi qachon haqiqiy nomiga mos maskanga aylanadi?
Foto: Ilhom Rahmatov/“Xalq soʻzi Online”
“Xalq soʻzi Online”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Dam olish kunlari oila aʼzolaringiz bilan madaniy koʻngilochar maskanlarda hordiq chiqarishga nima yetsin? Shundayku-ya..! Biroq, siz yashaydigan hududda bunday imkoniyat yaratilmagan boʻlsa, bu haqda orzu qilmay qoʻyaqoling!
Termiz tumani Uchqizil qoʻrgʻonida yashovchi aholi bu borada taqdiriga tan berganlardan desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz! Nega deysizmi? Tuman markazida joylashgan “Doʻstlik” madaniyat va istirohat bogʻidagi ayanchli ahvolni yaxshilashga doir aholi eʼtirozlariga mutasaddilar pinagini buzmagach, boshqacha boʻlishi ham mumkin emasda...
Termiz tumani hokimining 2015 yil 7 maydagi 677-sonli qaroriga binoan ushbu dam olish maskani tuman madaniyat boʻlimi tasarrufiga oʻtkazilgach, ahvol yaxshilanishiga umid qilingandi. Biroq, umidlar yana sarobga aylandi...
Maʼlumotlarga koʻra, “Doʻstlik” madaniyat va istirohat bogʻi 2004 yilda ishga tushirilgan boʻlib, umumiy yer maydoni 4 gektarni tashkil etadi. Bogʻ hududidagi 437 tup daraxtlar sugʻorish tizimidagi muammolar sabab, birin-ketin qurib borayotir.
Istirohat bogʻidagi 3 ta attraksion 1978 yilda oʻrnatilgan boʻlib, hozir tamomila yaroqsiz holga kelib qolgan. Yoʻlaklar taʼmirtalab, oʻrindiqlar singan, hojatxona... Umuman aytganda, istirohat bogʻidagi neki bor — hammasi oʻz “umri”ni oʻtab boʻlgan. Bu yerdagi sport maydonchalari, maʼmuriy bino, yashil maydonchalar vaqt oʻtgani sayin buzilib, vayrona boʻlib, madaniyat va istirohat bogʻidagi umumiy manzarani“bezamoqda”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19-20 yanvardagi Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan majlis bayonida Termiz tumanidagi “Doʻstlik” madaniyat va istirohat bogʻi moddiy texnik bazasini tubdan yaxshilash va modernizatsiya qilish boʻyicha ham dastur ishlab chiqilgandi.

Unga koʻra, mazkur istirohat bogʻida aholi, ayniqsa, bolalar va oʻsmir yoshlarning madaniy dam olishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yangi sport maydonchalarini qurish va zarur jihozlar bilan taʼminlash, bir necha zamonaviy attraksion va oʻyin qurilmalarini oʻrnatish, shuningdek, suv havzasi, amfiteatr, musiqali favvora, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalarini qurib, ishga tushirish belgilangandi.
Afsuski, ishlab chiqilgan dastur oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Amaliy ishdan esa hamon darak yoʻq.
Aslini olganda viloyatdagi eng yirik Uchqizil koʻli yonida joylashgan ushbu madaniyat va istirohat bogʻi oʻzining qulay joylashuviga koʻra, har qanday sarmoyador — investor eʼtiborini oʻziga tortadi. Bu jihatni bejizga urgʻulamadik.
Tuman rahbarlari, madaniyat boshqarmasi va yoki madaniyat ishlari vazirligi istirohat bogʻidagi ahvolni yaxshilash uchun sarmoya kerakligini roʻkach qilishi tabiiy. Mahalliy yoki xorijiy sarmoyadorni bu yerga olib kelish uchun ham xohish, istak, ishtiyoq va harakat kerak. Shunday emasmi?!
“Xalq soʻzi Online” bu mavzuga yana qaytadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring