Prezident Shayxontohur tumanidagi 3-sonli issiqlik markazini borib koʻrdi

18:45 14 Oktyabr 2023 Siyosat
747 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining Shayxontohur tumanidagi 3-sonli issiqlik markazini borib koʻrdi.

Bu majmua 1972-yilda qurilgan. Bu yerdagi 5 ta qozonxona umumiy qiymati 400 Gkal quvvatga ega. Jami 491 ta koʻp qavatli uy, 150 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalarga issiqlik yetkazib beradi.

Oʻtgan qishda havo keskin sovib ketishi oqibatida tabiiy gaz bosimi pasayib, isteʼmolchilarga issiqlik yetkazish qiyin boʻlgan edi. Shuning uchun joriy yilda issiqlik markazida muqobil yoqilgʻidan foydalanish imkoni yaratildi. Xususan, mazut xoʻjaligi qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda – gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Barcha qozonxonalar taʼmirlandi. Shuningdek, gaz bosimini taʼminlash maqsadida inshootga 4,6 kilometr alohida quvur tortildi. 

Bu saʼy-harakatlar natijasida kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarni issiqlik bilan uzluksiz taʼminlash imkoni yaratildi. Xususan, tarmoq 30 daraja sovuq haroratgacha barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyatsiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yoʻqotilishi kamaytirilgan. Natijada aholiga 65 darajadan kam boʻlmagan issiqlik yetkazib beriladi.

Xuddi shu tartibda 5-sonli issiqlik markazi ham modernizatsiya qilingan.

- Ochigʻi, uzoq yillar davomida bu tizimga eʼtibor boʻlmagan. Issiqlik korxonalari eski resursda, eskicha uslubda ishlab kelgan. Lekin olingan issiqlik sarflangan xarajatga nisbatan oʻzini oqlamadi. Bundan odamlar ham rozi boʻlmadi, korxonalar ham manfaat topmadi. Oʻtgan yilgi sinovdan va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, issiqlik taʼminotini modernizatsiya qilyapmiz. Endi issiqlikni saqlash va tejash choralarini koʻrish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер