Prezident navqiron avlodning Yangi Oʻzbekiston ravnaqiga qoʻshayotgan hissasini yuqori baholadi

19:15 31 Avgust 2024 Siyosat
600 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Yangi Oʻzbekiston” bogʻida boʻlib oʻtayotgan Respublika mustaqilligining 33-yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirida Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda navqiron farzandlarimiz Yangi Oʻzbekiston ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotganini taʼkidladi.

Buning tasdigʻi yaqinda Parijda boʻlib oʻtgan 33-yozgi Olimpiya oʻyinlarida yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi. Azmu shijoatli oʻgʻil-qizlarimiz dunyodagi eng yirik sport anjumanida 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritdilar. Ular milliy sportimiz tarixida shonli sahifa ochdilar.

Shu kunlarda Parijdan yana ketma-ket quvonchli xabarlar kelayotgani aytildi. Paralimpiyachi oʻgʻil-qizlarimiz ham xalqimiz uchun Mustaqillik bayramiga munosib sovgʻalar hadya etishmoqda.

Mahoratli sportchilarimiz Asila Mirzayorova, Qudratulla Maʼrufxoʻjayev, Elbek Sultonov oltin medallarni, matonatli oʻgʻil-qizlarimiz Ziyodaxon Isoqova, Kubaro Hakimova kumush medallarni, Muslima Odilova, Tolibboy Yoʻldoshev, Mohigul Xamdamova esa bronza medallarini qoʻlga kiritdilar.

“Mana, bizning qanday qahramonlarimiz, qanday oʻtyurak pahlavonlarimiz bor! Ularga tahsin va tasannolar boʻlsin!” dedi Prezident.

Bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni koʻndalang qilib qoʻyayotgani koʻrsatib oʻtildi.

«Lekin hayot qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, ularning jangovar va maʼnaviy salohiyatini oshirishga bundan buyon ham ulkan eʼtibor qaratamiz.

Lekin, tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi boʻlib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir Oʻzbekiston fuqarosining muqaddas burchi boʻlishi shart.

Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir!» dedi davlat rahbari.

Hozirgi kunda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda asosiy eʼtibor 5 ta ustuvor yoʻnalishga qaratilayotgani taʼkidlandi.

Bular: sifatli taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish; biznesni rivojlantirish; korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish; sogʻliqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash; ekologik barqarorlikni taʼminlash.

«Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat taʼlimda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat taʼlim va tarbiyadir. Shu sababli maktab taʼlimini isloh qilish boʻyicha katta dastur qabul qildik.

Maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotini chuqur oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli taʼlim berish maqsadida xorijiy til egalarini olib kelmoqdamiz.

Maktab oʻquvchilari jahondagi ilgʻor tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan taʼminlanmoqda.

Yurtimizda dunyodagi nufuzli oliygohlarning filiallarini ochib, Oʻzbekistonni yirik taʼlim markaziga aylantirishni maqsad qilganmiz.

Yoshlarimiz yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, tajriba orttirib, Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilishga bel bogʻlaganlar. Buning uchun ularga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yanada qulay imkoniyatlar yaratamiz.

Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishlari, kasb egallashlariga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.

Men hurmatli ota-onalarga qarata aytmoqchiman: qizlaringizni oʻqiting, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishlarida ularga koʻmakchi boʻling!

Ulugʻlarimiz aytganlaridek, oʻgʻil bolani oʻqitsak, bir kishi savodli boʻladi. Qiz bolani oʻqitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli boʻladi!» dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер