Prezident maktab-internatni borib koʻrdi
Foto: president.uz
Davlatimiz rahbari Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatni borib koʻrdi.
Mazkur taʼlim muassasasi 1966-yilda tashkil etilgan boʻlib, 2016-yilda kapital taʼmirlangan. Ayni paytda bu yerda 221 nafar oʻquvchi tarbiyalanmoqda. Ularga oliy maʼlumotli defektolog va tarbiyachilar saboq bermoqda. Oʻtgan yili 21 nafar bitiruvchidan 3 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan.
Maktab-internatda 4 ta oʻquv binosi, 280 oʻrinli yotoqxona, oshxona, kutubxona, sport zali, faollar zali mavjud.
Davlat rahbari oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi. Tarbiyalanuvchilarning mashgʻulot jarayonlarini koʻzdan kechirdi.
Toshkent shahar hokimligiga maktab-internatning oshxonasi va texnologiya xonalarini taʼmirlash, sport kompleksi va ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi.
Xalq taʼlimi vazirligiga “Zamin” jamgʻarmasi bilan birga 2 ming 600 dan ziyod zaif eshituvchi bolalarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazib, ularni eshitish moslamalari bilan taʼminlash, eshitish qobiliyati tiklangan bolalarni bosqichma-bosqich umumtaʼlim maktablariga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring