Prezident Xalq qabulxonalari doimo el xizmatida

16:20 13 Aprel 2020 Jamiyat
1794 0

El-yurtimiz zamonamizning eng murakkab sinovlaridan biri – koronavirus pandemiyasiga qarshi matonat va birdamlik bilan kurashayotgan shu kunlarda aholi muammolari, murojaatlar bilan ishlash masalasi yana-da dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada uyda oʻtirgan holda, bevosita muloqot qilmasdan, ortiqcha xarajat va ovoragarchiliksiz telefon aloqasi, internet orqali murojaat qilish imkoni yaratilgan Prezident Virtual qabulxonasi hamda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar ijrosi qatʼiy nazoratga olingan. Virtual qabulxona Qoʻngʻiroqlarni qabul qilish markazida sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda haftaning hamma kuni tunu — kun uzluksiz ish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, fuqarolarning murojaatlari qabul qilinmoqda.

Shu borada 2020-yilning 16-martidan 5-aprel kuniga qadar virtual qabulxonaga kelib tushgan 69 ming 514 ta murojaat oʻz vaqtida koʻrib chiqilib, ularning 44 ming 759 tasi ijobiy hal qilingan, 11 ming 427 ta murojaat qoʻshimcha oʻrganish uchun masʼullarga qaytarilgan, 13 ming 328 ta murojaatni oʻrganish boʻyicha qoʻshimcha muddat belgilangan. Raqamlar tilida aytadigan boʻlsak, har kuni oʻrtacha 2 ming 238 ta murojaat hal qilinmoqda.

Karantin sharoitida asosan masofaviy faoliyat rejimiga oʻtkazilgan Xalq qabulxonalariga joriy yilning 15-martidan 3-apreliga qadar 5 ming 848 murojaat kelib tushgan boʻlsa, shuning 2 ming 21 tasi yoki 74,7 foizi qanoatlantirilgan.

Prezidentning Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasida ham murojaatchilar uchun karantin sharoitida muammo va takliflarini yetkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Aholi muammolari bilan ishlash jarayonida “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” konsepsiyasi oʻz samarasini bermoqda. Xalq qabulxonalari bilan mahalla fuqarolar yigʻinlari oʻrtasida oʻrnatilgan doimiy onlayn muloqot hududlardagi mavjud real holatni muntazam monitoring qilib borish, murojaatlarni tezkor koʻrib chiqish va hal qilish uchun masʼullarni belgilash hamda ijrosini nazorat qilishda bir qator afzalliklarni bermoqda.

Bundan tashqari, aholi uydan chiqmagan holda telefon orqali ham Xalq qabulxonalariga murojaat qilishi mumkin. Fuqarolarga yana-da qulaylik yaratish uchun qabulxonaga kelgan murojaatchilar bilan videokonferensaloqa tizimi vositasida muloqot qilish, Xalq qabulxonalari oldida oʻrnatilgan maxsus qutilarga murojaatni qoldirish imkoniyatlari ham yaratildi. Qabulxonaga kelgan har bir murojaatchi tibbiyot xodimlari tomonidan zarur tekshiruvlardan oʻtkazib, zarur dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan kelib tushayotgan talab va takliflar asosida sektorlar rahbarlari hamda boshqa idora va tashkilotlarni jalb etgan holda oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari savdosi mahallalar kesimida yoʻlga qoʻyildi. Ijodiy guruhimiz bilan poytaxtimizning Yunusobod tumanida boʻlganimizda bu ishlar uzluksiz davom ettirilayotganiga guvoh boʻldik. Har kuni yuk mashinalariga aholi ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari jamlanib, belgilangan grafik asosida tumandagi 63 ta mahallada koʻchma bozorlar tashkil qilinmoqda.

Yunusobod tumani 2-sektor hududidagi “Uvaysiy” mahallasida 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Karantin davrida mahallaning oʻzida koʻchma bozor tashkil qilinayotgani esa hozirgi murakkab vaziyatda aholi uchun nihoyatda katta qulaylikdir. Ular oʻz uylaridan uzoqqa chiqmay zarur mahsulotlarni maqbul narxlarda xarid qilmoqda.

Tumanning Markaz-6 mavzesi Minor mahallasida tashkil etilgan yarmarka ham aholining uzogʻini yaqin ogʻirini yengil qilmoqda. Mahsulotlar savdosi karantin talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bunday koʻchma bozorlar, ayniqsa, yoshi ulugʻ insonlar uchun nihoyatda katta qulaylikdir.

Tumandagi 1-sektorga qarashli “Tiklanish”, 4-sektor hududidagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi mahallalarida boʻlganimizda ham aholi uchun tashkil qilingan koʻchma bozorlarda zarur oziq-ovqat mahsulotlari aholiga maqbul narxlar asosida yetkazib berilayotganiga guvoh boʻldik.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami – boquvchisini yoʻqotganlar, yakka-yolgʻiz keksalar, nogironligi bor shaxslar, doimiy ish bilan band boʻlmagan insonlardan tibbiy-ijtimoiy, moddiy yordam koʻrsatish, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash masalalarida kelib tushayotgan murojaatlarga birinchi navbatda eʼtibor qaratilib, ularni qisqa fursatlarda mutasaddi davlat tashkilotlari ishtirokida hal etish choralari koʻrilmoqda. Bundan tashqari, Xalq qabulxonalariga muhtoj insonlar va oilalarga yordam koʻrsatish istagini bildirib, murojaat qilayotgan koʻplab savobtalab yurtdoshlarimiz va tadbirkorlarimizning homiylik yordamlari Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boshqarmalari qoshida tashkil etilgan homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga yoʻnaltirilmoqda. Ayni paytda homiylik xayriyalarini manzilli yetkazib berishda shu mazmunda murojaat qilgan fuqarolar, uyma-uy yurish jarayonida aniqlangan yordamga muhtoj oilalar ham albatta inobatga olinmoqda.

Karantin davrida aholining uyda boʻlishi uy-joy va kommunal xizmat masalalaridagi murojaatlariga har qachongidan ham jiddiy eʼtibor qaratishni talab etishi tabiiy albatta. Shu borada elektr energiyasi, gaz, suyultirilgan gaz, suv, issiqlik taʼminoti, aloqa xizmatlari yuzasidan yoʻllanayotgan murojaatlar zudlik bilan koʻrib chiqilmoqda va aniqlangan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

Aholi muammolari bilan ishlash jarayonida aholining yana bir toifasi – yoshlar murojaatlari ham alohida eʼtiborda boʻlib kelayotir. Bu borada davlatimiz rahbari topshirigʻiga binoan Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida tashkil etilgan yoshlar murojaatlarini qabul qilish markazi Prezident virtual qabulxonasiga integratsiya qilingan boʻlib, 12-50 qisqa raqami orqali bugungi kunga qadar kelib tushgan 600 ga yaqin murojaat yuzasidan ham masʼul ijrochilar belgilanib, ularning ijrosi nazorat qilib borilmoqda. Murojaatlar tahlili yoshlarimizni asosan bandlik, oʻqishga kirish, oʻqishni koʻchirish, qayta tiklash, yer maydoni ajratish, kredit olish kabi masalalar oʻylantirayotganini koʻrsatmoqda. Ayni paytgacha 12-50 qisqa raqami orqali kelib tushgan murojaatlarning yarmidan koʻpi – 300 dan ziyodi boʻyicha koʻtarilgan muammolar amalda hal qilindi.

Bunday misollar koʻp. Muhimi, davlatimiz rahbari asos solgan Xalq qabulxonalari instituti soat millaridek aniq ishlamoqda. Garchi bugungi sinovli kunlarda yuzma-yuz muloqotlar vaqtincha cheklangan boʻlsa-da, xalq bilan virtual muloqot olib borilmoqda, har bir hududdagi real vaziyat, aholi muammolari uzluksiz oʻrganilmoqda. Aniqlangan muammolarni zudlik bilan hal qilish choralari koʻrilmoqda. Asosiy maqsad – har qanday sharoit va vaziyatda ham xalqimizni oʻz hayotidan rozi qilishdan, bugungi kunning eng muhim vazifasi esa mavjud epidemiologik vaziyatdan, el-yurtimiz boshiga kelgan ogʻir va murakkab imtihondan yorugʻ yuz bilan oʻtishdan iboratdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер