Bagʻdod tumanida bitta mahallada 50 ta koʻp qavatli uy qurilyapti

16:40 25 Mart 2021 Iqtisodiyot
2339 0

Kecha Prezidentimiz boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu davlatimiz rahbari tomonidan “Bagʻdod tajribasi” sifatida eʼtirof etildi

2021-yilda Bagʻdod tumani markazidan 12-13 km. uzoqda joylashgan “Muruvvat” MFY hududida 50 ta koʻp qavatli uylar qurilishiga kirishildi. Hozirda ushbu mahallada 19 ta ixtisoslashtirilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilish ishlari jadallik bilan olib borilyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ipoteka kreditlari asosida uy-joy qurilishi tizimini takomillashtirish, tadbirkorlarga imtiyozlar berish va ragʻbatlantirish, aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvatlash boʻyicha qabul qilingan koʻplab qarorlar bu borada muhim dasturilamal boʻlayotganini alohida taʼkidlab oʻtish oʻrinlidir.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tigʻiz ish rejasiga qaramay, deyarli har kuni ushbu hududdagi qurilish jarayoni bilan tanishadi. Kecha viloyat rahbari yana bir bor Muruvvat MFYga tashrif buyurib, har bir qurilish tashkiloti rahbari bilan yuzma-yuz suhbatlashdi.

— Bu uylarning sifati, narxi arzon boʻlishi muhim, — dedi viloyat hokimi. — Qolaversa, qurilish madaniyatini ham shakllantirish kerak. Yaqin istiqbolda mazkur hududda yuzlab koʻp qavatli uylar qurish imkoni bor. Shu bois har bir qurilish rejasini ishlab chiqishda keyingi oʻn besh, yigirma yillik taraqqiyot mezonlarini inobatga olish foydadan xoli boʻlmaydi.

Zamonaviy massivda yangi MFY binosi, qoʻshimcha 440 oʻrinli maktab, 150 oʻrinli bolalar bogʻchasi, poliklinika, savdo majmuasi, kovorking markazi, sport kompleksi, madaniyat markazi, istirohat bogʻi singari ijtimoiy soha obyektlari qurilishiga ham kirishildi. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortish, ichki yoʻllar qurilishi boʻyicha ham shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida loyiha hujjatlari tayyorlandi.

Shuningdek, aholini ish bilan taʼminlash maqsadida Muruvvat MFYga yondosh hududda 14,3 gektar maydonda “Mustaqillik” kichik sanoat zonasi, 100 gektar yerda har biri 10 sotixdan limonchilikka ixtisoslashgan issiqxonalar barpo etilyapti. Bugungi kungacha 85 ta issiqxona bitkazilib, hududda qurib bitkazilgan uylarga koʻchib kelgan oilalarga ajratib berildi.

Hozirgi kunga qadar Muruvvat MFYda 5 ta koʻp qavatli uylar bitkazilib, asosan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarga ajratildi. Uyning 1 kv. metr narxi 3,5 mln. soʻm boʻlib, ikki xonali xonadonning qiymati 140 mln. soʻm, uch xonali uy 168 mln. soʻmni tashkil etmoqda. Aytaylik, ikki xonali uyning boshlangʻich toʻlovi 21 mln. soʻm. Uy oluvchiga 15 foiz miqdorida subsidiya (14 mln. soʻm) berilishi natijasida u atigi 7 mln. soʻm mablagʻ evaziga yangi uyga koʻchib oʻtadi.

Margʻuba Ahmedova oilasida ikki nafar farzand tarbiyalanmoqda. Yaqinda yangi uyga koʻchib oʻtgan oilaga 10 sotixli issiqxona ham ajratildi. Limon ekib tayyor holda taqdim etilayotgan issiqxona uch yillik imtiyozli davr bilan besh yilga berildi.

— Oilada toʻrt kishimiz, — deydi Marhabo Hasanova. — Turmush oʻrtogʻim Mansur Hasanov I guruh nogironi. Uy krediti uchun oyiga 853 ming soʻmdan toʻlayapmiz. Oilamizga koʻrsatilgan bunday gʻamxoʻrlik bizni behad mamnun etdi.

Kamola Mirzakarimova 3 nafar bolalari bilan bitta hovlida ikki nafar ovsinlari oilasi bilan qiynalib yashab kelganini taʼkidlaydi. Murojaati asosida bu oilaga 3 xonali uy ajratildi. Turmush oʻrtogʻi chilangar usta, oʻzi chevar. Shu kunlarda “Mustaqillik” kichik sanoat zonasida tashkil etilayotgan yangi korxonaga ishga joylashish harakatida yuribdi.

Muruvvat MFYda qurilish-bunyodkorlik ishlari tobora jadallashib, bir-biridan koʻrkam koʻp qavatli binolar qad rostlayapti. Xalqimizga xos yaratuvchanlik salohiyatini namoyon etayotgan ushbu qurilishlar Yangi Oʻzbekistonning Yangi tarixi solnomasida “Bagʻdod tajribasi” sifatida eʼtirof etilsa, ajab emas.

Botir Madiyorov
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер