“President Tech Award” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi
Tanlovning beshta asosiy yoʻnalishlari boʻyicha quyidagi jamoalar gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Xususan:
Sunʼiy intellekt texnologiyalari yoʻnalishi. “Tahrirchi” — oʻzbek tilida yozishni osonlashtirishga moʻljallangan loyiha. Dastur oʻzbek tilidagi matnlardagi imlo, kontekstual, stilistik va grammatik xatolarni tekshiradi.
Ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar. “Mentalaba” — talabalarga Oliy taʼlim muassasalarini topish, oʻrganish va taqqoslashda oʻzlari uchun eng yaxshi maktabni aniqlashda yordam beruvchi loyiha.
Axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari. “ALATOR” — xususiy va davlat sektorlari tomonidan ishlab chiqarilgan axborot tizimlari va resurslarida aniqlangan zaifliklar, kibertahdidlar, kiberhujumlar va boshqa zararli faoliyatlarni aniqlash va oldini olish imkonini taqdim etuvchi loyiha.
Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar yoʻnalishi. “Yemak” — oziq-ovqat yetkazib berish xizmati.
Kompyuter va mobil oʻyin dasturlari. “AirPilot” — virtual va real hayot sharoitida havo harakatini boshqarishning turli vositalarini boshqarish va ular bilan tanishish qobiliyatiga ega boʻlgan yoshlarda aerodinamika va aerokosmik texnologiyalarga qiziqish uygʻotadigan mobil oʻyin.
Har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar 100 ming dollar, ikkinchi oʻrin olgan jamoalar 50 ming dollar va uchinchi oʻrinni olgan jamoalar esa 30 ming dollarga sazovor boʻldilar.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Shavkat Mirziyoyev IT sohasida yosh iqtidorlarni aniqlash boʻyicha prezident tanlovini oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlagan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring