Pora olgan Mirishkor tumani hokimi oʻrinbosariga sherik boʻlgan IIB boshligʻi qoʻlga olindi

18:42 12 Fevral 2022 Jamiyat
1349 0

Foto: Illustrativ foto

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tuman hokimining oʻrinbosari 50 ming dollar pora bilan ushlangandi. Viloyat prokuraturasi xabar berishicha, mazkur ishga aloqador sifatida Muborak tuman IIB boshligʻi ham qoʻlga olingan.

Xabarda aytilishicha, 6-fevral kuni Mirishkor tumani hokimi oʻrinbosari U.Yaxshiyev tadbirkordan yer ajratib berish evaziga 80 ming AQSH dollari pora talab qilib, shundan 50 ming AQSH dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida ushlanganligi holati boʻyicha JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayblanuvchi qamoqqa olingan.

Jinoyat ishi yuzasidan oʻtkazilgan dastlabki tergovda ichki ishlar organlari kadrlar zaxirasidagi xodim - U.Yaxshiyev pora olish jinoyatini tanishi Muborak tuman IIB boshligʻi X.Bahriyev bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda sodir etganligi aniqlangan.

Dastlabki tergov organi tomonidan Muborak tuman IIB boshligʻi X.Baxriyevning sodir etilgan jinoyatga bevosita daxldorligini isbotlovchi yetarli dalillar toʻplanganligi sababli, Bahriyev fevral kuni jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, shu kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Bundan tashqari, viloyat prokurorining farmoyishiga muvofiq prokuratura va ichki ishlar idoralarining jinoyatchilikning oldini olish va ularning yuzaga kelishiga sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyatini barcha tuman-shaharlarda oʻrganib, ularga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha ishchi guruh tuzilgan.

Ishchi guruh tomonidan 2022-yilning 7-10-fevral kunlari Muborak tuman prokuraturasi va ichki ishlar boʻlimining bu boradagi faoliyati hujjatlarni tahlil qilish orqali oʻrganilgan.

Oʻrganishlar davomida, tuman IIBning tergovga qadar tekshirish, dastlabki tergov va jinoyatlarni fosh etish boʻyicha faoliyatida bir qator kamchiliklar, xususan, oʻgʻirlik, bezorilik, talonchilik va firibgarlik kabi jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlari aniqlangan.

Jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlanganida bunga daxldor boʻlgan shaxslardan tushuntirish olish, qonunda nazarda tutilgan tartibda dalillarni toʻplash surishtiruv va tergov organlarining ham vakolati ham majburiyati hisoblanadi.

Shu sababli, ishchi guruh aʼzolari tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida jinoyatdan jabrlangan fuqarolar va mazkur xabarlar yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlarini oʻtkazgan IIB xodimlaridan tushuntirishlar olingan.

Jinoyatlarni yashirishga bevosita daxldorligi aniqlangan shaxslar esa jinoiy javobgarlikdan qutilish maqsadida ommaviy axborot vositalarida yolgʻon maʼlumotlar tarqatish orqali aholini chalgʻitishga harakat qilishgan.

Hozirda, viloyat prokuraturasi tomonidan hisobdan yashirilgan 3 ta oʻgʻrilik, 3 ta bezorilik, 1 ta talonchilik va 1 ta firibgarlik jinoyatlari boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Viloyat prokurori hamda viloyat IIB boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh vaziyatni joyiga chiqqan holda oʻrganib, holat yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер