Pop tumanida tibbiyot turizmi maskani barpo etilmoqda

19:42 19 Iyul 2023 Jamiyat
664 0

Foto: Xalq soʻzi

Namangan viloyati Pop tumanining Chorkesar qishlogʻi nafaqat soʻlim va maftunkor tabiati, balki inson salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladigan dorivor oʻsimliklarga boy zamini bilan ham dovruq qozongan.

Yaqinda “Mehrigiyo” masʼuliyati cheklangan jamiyati xayrli ishga qoʻl urib, “Giyohlarni qadoqlash, shokolad ishlab chiqarish zavodi va tibbiyot turizmi maskani tashkil etish” boʻyicha istiqbolli loyihani amalga oshirishga kirishdi. Bu turizm yoʻnalishida hududning ertangi kun istiqbolini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

— Hozirda loyiha tashabbuskorlariga ajratilgan 506 gektar maydonning 45 gektari oʻzlashtirilib, lavanda, moychechak, xandon pista singari 15 dan ortiq turdagi dorivor oʻsimliklar yetishtirilmoqda,—deydi Pop tuman hokimligi investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Shukrullo Mamatxonov. – Ayni paytda ularning koʻpchiligidan hosil yigʻib olishga kirishildi. Rejaga koʻra, yaqin vaqt ichida shu joyning oʻzida saralash, qayta ishlash va qadoqlash yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, hududda sayyohlik inshootlari barpo etish ham boshlandi. Eng avvalo, 40 ta mehmon uylari qurilishi nihoyasiga yetkaziladi. Natijada ushbu majmuada bir paytning oʻzida 200 dan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniyati yuzaga keladi. Umuman olganda, yaqin ikki yilda loyiha ijrosi toʻliq amalga oshirilgach, tumanning sayyohlik salohiyati tibbiyot turizmi hisobiga sezilarli darajada ortadi.

Loyihaning umumiy qiymati 35 million dollarga teng boʻlib, u tibbiy sayyohlik xizmatini yoʻlga qoʻyish, tabiiy shifobaxsh oʻsimliklarni parvarishlash, qayta ishlash va qadoqlash singari istiqbolli yoʻnalishlarni qamrab oladi.

                                                                    Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер