Poytaxt hokimiyati ayollarga alohida ehtirom koʻrsatdi
Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
“Kunni chiroyli gullar, xush tabassum va ezgu tilaklar bilan kutib olish, oʻtkazish naqadar quvonchli. Toshkent shahar hokimligi poytaxtimizning xotin-qizlari uchun shunday muhitni yaratishga harakat qildi”, deyiladi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.
Maʼlum qilinishicha, shahar hokimligi maʼmuriyati tashabbusi bilan erta tongdan koʻchalarda, metro bekatlarida har bitta ayolga bayram sovgʻasi sifatida gul ulashilgan, 8 raqami aks etgan koʻkrak nishoni taqdim etilgan va ezgu tilaklar bildirgan. Muhtarama ayollar, munis opa-singillarimizning gullar bilan qarshi olinishi va bayram tilaklari bildirilishi xotin-qizlarimizga bayramona kayfiyatni hadya qilgani aniq.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining xodimalari ham bayram bilan qutlanib, barcha tumandagi soha vakilalariga jami 3800 ta bayram sovgʻasi topshirilgan.

Bundan tashqari, poytaxt hokimligi mutasaddilari nuroniy onaxonlar va mehnat faxriylarini ayyom bilan tabriklashgan.

“Mehribon, kuyinchak, oqila, mushtipar, sevimli, goʻzal… Ayollarimiz shunchalik koʻp va xoʻp madh etishga arziydi.
Ayol muhabbatdan kuch oladi, eʼtibordan yuksaladi, gʻamxoʻrlarga suyanadi, eʼzozdan baxt topadi. Ayol borki, muhabbat bor, baxt, goʻzallik, nafosat barqaror. Bayramingiz muborak, aziz onalar, muhtarama opa-singillar!”, deyiladi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tabrigida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring