Plenumda qaysi qaror loyihalari muhokama etildi?

22:08 25 Oktyabr 2019 Jamiyat
1521 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi boʻlib oʻtdi. Videokonferensaloqa tarzida oʻtgan ushbu majlisda sudyalar, parlament aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼul xodimlari, huquqshunos olimlar ishtirok etdi.

Yigʻilishda Oliy sud Plenumining “Fuqarolik ishlari boʻyicha birinchi instansiya sudining ajrimlar toʻgʻrisida”gi va “Maʼmuriy ishlar boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti haqida”gi qarorlari loyihasi muhokama qilindi.

“Fuqarolik ishlari boʻyicha birinchi instansiya sudining ajrimlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi bilan birinchi instansiya sudining ajrimlari mazmuni va uni ijro etishning umumiy qoidalari Fuqarolik protsessual kodeksining tegishli normalari bilan tartibga solingan.

Birinchi instansiya sudining ajrimlari qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan alohida xonada (maslahatxonada) ham, sud majlisi bayonnomasiga kiritgan holda joyida ham chiqarilishi mumkin.

Ish boʻyicha ish yuritish jarayonida yuzaga keladigan alohida protsessual masalalar boʻyicha ajrimlar ham, ish boʻyicha ish yuritish tugatiladigan (arizani koʻrmasdan qoldirish, ishni ish yuritishdan tugatish toʻgʻrisida) ajrimlar ham chiqarilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, sud oʻz xohishiga koʻra qayd etilgan har qanday masalalar boʻyicha alohida protsessual hujjat koʻrinishidagi ajrim chiqarishga haqli.

Shuningdek, “Maʼmuriy ishlar boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti haqida”gi qaror loyihasi maʼmuriy ishlar boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, sudlar tomonidan bu boradagi qonun talablarini toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Yigʻilishda muhokama etilgan Plenum qarorlari fuqarolik va maʼmuriy ishlarni qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qoʻllanilishiga xizmat qiladi.

Yakunda koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, qarorlar loyihalari bir oydan keyin videokonferensaloqa tarzida qayta koʻrilishi aytildi.

Nodira Romanova

Oʻzbekiston jurnalistika va
ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер