Piza universiteti Oʻzbekistonda geodeziya, kartografiya va kadastr sohalarida kadrlar tayyorlashga yordam beradi

14:29 26 Iyul 2020 Jamiyat
1378 0

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Davgeodezkadastr bilan Piza universiteti rahbariyati hamda mutaxassislari oʻrtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbir Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan Yevropa Ittifoqi Erasmus + dasturining Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Uchrashuvda Toshkent shahrida Piza universitetining filialini tashkil etish loyihasining joriy holati va istiqbollari, shuningdek, karantin cheklovlarini hisobga olgan holda keyingi harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Universitet rektori professor Paolo Mansarella Piza universiteti Erasmus + dasturining qator loyihalari doirasida Oʻzbekiston bilan uzoq vaqtdan buyon hamkorlik qilib kelayotganini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, universitet mamlakatimizni Markaziy Osiyodagi strategik sherigi sifatida koʻradi va munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishdan manfaatdor.

Professor Toshkent shahrida talabalar shaharchasini tashkil etish loyihasini amalga oshirishda Oʻzbekiston hukumati tomonidan koʻrsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. U Piza universitetining ushbu loyihani xalqaro faoliyat doirasida ilgari surishga tayyorligini va qiziqishini tasdiqladi.

Shu bilan birga, rektor pandemiya bilan bogʻliq sabablarga koʻra, loyihani amalga oshirish muddati nomaʼlum muddatga qoldirilishidan afsusda ekanini bildirdi. Loyihaning roʻyobga chiqarilishi choʻzilib ketmasligi uchun u amaliy hamkorlikni masofaviy tarzda boshlashni taklif qildi.

Xususan, masofaviy hamkorlik doirasida oʻzbekistonlik talabalarning onlayn tarzda tashkil qilinadigan tayyorlov kurslarida (Foundation Courses), keyingi bosqichda esa Piza universitetida tahsilni davom ettirishlarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Oʻzbekiston yoshlari Piza universiteti dasturiga muvofiq geologiya ixtisosligi boʻyicha geologiya, geodeziya, kartografiya va kadastr mutaxassisi boʻlib yetishadi. Ushbu shakldagi tahsil allaqachon universitet bilan uning Luchcha shahridagi kampusi oʻrtasida amalga oshirilmoqda.

Piza universiteti dasturi majburiy va ixtiyoriy fanlarni oʻz ichiga oladi. Universitet Oʻzbekiston tomoni uchun qulay boʻlgan bir yillik tayyorlov kursi va 3 yillik bakalavr darajasi tahsilini birgalikda amalga oshirishga tayyor.

Masofadan oʻquvchi talabalar Piza universiteti tinglovchilari hisoblanadi va barcha xizmatlardan, shu jumladan raqamli kutubxona, dasturiy taʼminot, oʻquv serverlari, kasbiy pillapoya boʻyicha tayyorlanishlardan foydalanishlari mumkin. Oʻqishni tugatgandan soʻng, ular xalqaro miqyosda tan olingan Italiya taʼlimi diplomlariga ega boʻladi.

Shu bilan birga, loyiha doirasida tajriba hamda fikr almashish uchun Italiya va Oʻzbekiston geologlari, geograflari oʻrtasida muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif qilindi.

Uchrashuv yakunida tegishli hujjatni ishlab chiqish va 2020-2021 oʻquv yilida loyihani boshlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер