“Piyozchilik” mahallasida har bir oila tadbirkor
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizda har bir oila doimiy daromad manbaiga ega boʻlib, farovon hayot kechirishini taʼminlash maqsadda har bir mahallaning drayveri aniqlanib, tadbirkorlik, hunarmandchilik, xizmat koʻrsatish, tomorqadan samarali foydalanish kabi yoʻnalishlarda hayotbaxsh dasturlar roʻyobga chiqarilyapti.
Toshloq tumanidagi “Piyozchilik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 5 ming 401 nafar aholi istiqomat qiladi. Oilalar soni esa ikki mingdan ziyod. Ayni paytda aholining 70 foizga yaqini mahallaning asosiy drayveri boʻlgan kosibchilik bilan shugʻullanadi. Bu borada 100 nafardan ortiq lider tadbirkorlar kasanachilik asosida bir necha yuzlab mahalladoshlarini doimiy ish oʻrni bilan taʼminlagan.
Dilnozaxon Mamajonova ham toʻrt yildan buyon kosibchilik bilan shugʻullanib, dastlab oʻz xonadonida besh nafar xotin–qizlar bilan ish boshlagan edi. Bugungi kunda hunarmandning xonadonida va qoʻshimcha ijaraga olgan binoda 30 dan koʻproq ayollar ishlaydi.
Tadbirkor oʻtgan yili mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 50 million soʻm imtiyozli kredit olib, zamonaviy tikuv mashinalari xarid qildi hamda qoʻshimcha ish oʻrni yaratdi.
— 2023-yili kosibchilik yoʻnalishida 35 ta oilaga yangi tikuv mashinalari olib berishga koʻmaklashilgan boʻlsa, joriy yilning olti oyida 15 nafar hunarmandga 384 million soʻm imtiyozli kredit ajratib berilishiga erishildi, — deydi “Piyozchilik” MFYdagi hokim yordamchisi Akramjon Rahmonov. — Buning natijasida mahallada hunarmandchilik va tadbirkorlik jadal rivojlanyapti. Endilikda hududda tadbirkorlikka aloqasi boʻlmagan oilaning oʻzi yoʻq.

Mahalladagi deyarli har bir xonadon buyurtma asosida erkaklar, ayollar hamda bolalar poyabzallarini yarim tayyor holda yetkazib beriladi. Bu mahsulotlar ulgurji narxda mamlakatimizning barcha hududlariga yetkaziladi, shu bilan birga qoʻshni Tojikiston va Qirgʻizistonga ham eksport qilinadi Har bir kosib ish koʻlamiga qarab, oyiga oʻrtacha 3–5 million soʻm daromadga ega boʻladi.
Shuningdek, mahalladagi 39-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham kosibchilik toʻgaragi tashkil etilgan. Bu yerda mahallaning eng mohir tadbirkorlaridan biri Muhayyo Oxunova 50 nafarga yaqin oʻquvchilarga kosibchilik hunarini oʻrgatyapti. Darsdan soʻng, yozgi taʼtil davrida taʼlim muassasasida barpo etilgan kosibchilik ustaxonasida oʻquvchilar poyabzalning maʼlum bir qismini tayyorlash orqali bir oyda oʻrtacha 1,5 – 2 million soʻm daromadga ega boʻlmoqda.
Mahalla yettiligi tomonidan bundan bir yil avval oʻtkazilgan oʻrganish davomida 191 nafar ishsiz borligi qayd etilgan. Joriy yilning birinchi yarmi holatiga koʻra, “Piyozchilik” mahallasida bor-yoʻgʻi 7 nafar ishsiz qolgan. Masʼullarning maʼlum qilishicha, yaqin kunlarda tadbirkorlik yoʻnalishida 20 ta istiqbolli loyiha hayotga tatbiq etiladi. Oʻz–oʻzini band qilish maqsadida 2 nafar ishsizga skuter motorolyori olib berilmoqda.
Quvonarlisi, oilalar toʻkisligi, farovonligi mahalladagi yangilanish va oʻzgarishlar timsolida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Yaqinda “Obod mahalla – obod koʻcha – obod xonadon” tamoyili boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻiniga yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Oltita savdo va xizmat koʻrsatish doʻkonlari ishga tushirildi, faoliyatini toʻxtatgan 10 ga yaqin tadbirkorlar yana ish boshlashi uchun koʻmaklashildi. Elektr tarmoqlari yangilandi. Ichimlik suvi tarmoqlari va ichki yoʻllar sifati yaxshilandi. Aholi xonadonlari taʼmirdan chiqarildi.
Muxtasar aytganda, “Piyozchilik” mahallasida tadbirkorlik va davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi tufayli erishilayotgan yutuqlar salmoqli va bardavom boʻlmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring