“Pistali” koniga kasbga tayyorlanib, ishga qabul qilinmoqda

13:49 27 Mart 2023 Jamiyat
3496 0

Foto: Халқ сўзи

Nurota tumanining “Pistali” koni negizida barpo etilayotgan 6-gidrometallurgiya zavodi joriy yilning eng yirik qurilishlaridan biri, desak, aslo mubolagʻa emas. “NKMK” AJ “1-GMZ” kon boshqarmasi rahbariyati yaqinda ishga tushirilishi moʻljallanayotgan mazkur korxona uchun malakali ishchi-kadrlarni tayyorlash va tanlash ishlarini esa oʻtgan yiliyoq boshlab yuborgan edi. Shu maqsadda kon boshqarmasida malakali mutaxassislardan iborat kadrlarni tayyorlash guruhi tashkil etildi.

— Dastlabki bosqichda “Pistali” koni va kon avtogarajiga ishga qabul qilinganlarni mutaxassisligi boʻyicha kasbga va turdosh kasblarga tayyorlash tizimi yaratildi, — deydi “1-GMZ” kon boshqarmasi direktorining kadrlar va maʼmuriy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Alisher Mirzayev. — Kon ishchisi, geologik ishlarda kon ishchisi, kimyoviy tahlil laboranti, namuna saralovchi, kompressor qurilmalari mashinisti kabi kasblar boʻyicha boʻlajak ishchi-xodimlar guruh shaklida oʻqitilib, ular nazariy mashgʻulotlarni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Oʻquv markazida, amaliyotni esa “Aristantov” karyeri, “Qoraqoʻton” koni, shuningdek mutaxassisliklariga mos tarzda “1-GMZ” kon boshqarmasi gidrometallurgiya mahsulotlarini boyitish, texnik nazorat boʻlimlari, zavodning texnologik laboratoriyasida oʻtamoqdalar. Oʻquv dasturlarida kasbiy, ishlab chiqarish va xavfsizlik texnikasiga oid zarur bilimlar qamrab olinib, mashgʻulotlarga kon boshqarmasi hamda “NKMK” AJ boʻlinmalarining malakali mutaxassislari jalb etilmoqda. Oʻquv mashgʻulotlari yakunida, oʻquvchilar kombinat Kadrlar boshqarmasi, “Qizilqum” kontexnazorat inspeksiyasi, “1-GMZ” kon boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida oʻtkaziladigan malaka imtihonlarini topshirib, “NKMK” AJning malakaviy guvohnomasiga ega boʻlmoqdalar.

Shuningdek, 92 nafar kishi kon boshqarmasining malakali ishchi xodimlariga individual biriktirilgan holda nazorat-oʻlchov asboblari va avtomatika chilangari, jihozlarni taʼmirlash boʻyicha navbatchi chilangar, taʼmirlovchi-chilangar, elektr jihozlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash elektrmontyori, navbatchi elektrchilangar, avtomobillarni taʼmirlash chilangari singari kasblarga oʻqitilmoqda. Ular bevosita ishlab chiqarish uchastkalarida amaliyot oʻtab, nazariy hamda amaliy bilimlarini mustahkamlaydilar.

Yangi zavod ishga tushgach, korxonada bugʻ qozonxonalaridan foydalaniladi. Hozirgi kunda besh nafar ishchi “NKMK” AJ Oʻquv markazida qozonxona operatori kasbi boʻyicha nazariy bilim olib, Markaziy kon boshqarmasi boʻlinmalarida amaliyot oʻtamoqda.

“Pistali” koni va yangi zavod uchun barcha turdagi ishchi-xodimlarni tayyorlash haqida soʻz borarkan, xavfli yuklarni tashish, xavfli yuklarni tashishga moʻljallangan avtomobillarni boshqarish, ogʻir yuk tashuvchi karyer avtoagʻdargichlarini boshqarish huquqlarini beruvchi maqsadli uch yoʻnalish boʻyicha 70 nafardan ziyod haydovchilar turdosh kasblarga oʻqitilganini taʼkidlash joizdir. Kon boshqarmasining oʻn nafar ishchisi ishlab chiqarishdan ajralgan holda “NKMK” AJ Oʻquv markazida avtomobillarga yoqilgʻi quyuvchi mobil shoxobcha operatori mutaxassisligi boʻyicha nazariy bilim olib, ishlab chiqarish koʻnikmalarini Markaziy kon boshqarmasi boʻlinmalarida mustahkamlamoqdalar.

— Korxonada “Ishga marhamat” monomarkazi bilan aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan, — deya davom etadi A. Mirzayev. — Biror kasbga ega boʻlmagan 59 nafar fuqaro monomarkazda kimyoviy tahlil laboranti, taʼmirlovchi-chilangar, avtomobillarni taʼmirlash chilangari, elektrmontyor kasblariga oʻqitilib, “1-GMZ” kon boshqarmasida ishlab chiqarish tajribasini oʻtab, ishga qabul qilindilar.

Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda ustuvor tutilgan ijtimoiy adolat va inson qadri uchun tamoyillariga qatʼiy amal qilingan holda yangi kon va korxonaga ishga qabul qilishda Nurota tumani hokimligining tavsiyasiga muvofiq “Temirqovuq”, “Qizilcha”, “Tinchlik” MFYlarida istiqomat qilayotgan, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”da roʻyxatda turuvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar monomarkazda garderobchi, koʻkalamzorlashtiruvchi, oqsoch va boshqa kasblarga oʻqitilib, ularning bandligi taʼminlanmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер