Piskentda nega muammolar koʻpaymoqda?
Ijtimoiy sohadagi ayrim muammolarni hal etish piskentliklar uchun yillar davomida shirin orzuga aylanib qolmoqda. Keksa yoshdagilar yechim topolmagan chigal masalalar bugungi yoshlarni ham oʻylantiryapti. Tuman rahbarlari zimmasida yoshlar va xotin-qizlar bandligi hamda ayollarning jamiyatdagi faolligini taʼminlash, mahallabay ishlash tizimini shakllantirish umumtaʼlim maktablari va bogʻchalar faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish kabi vazifalar ijrosi turibdi. Aslida, bu kabi ijtimoiy masalalarni piskentliklar uchun yechimsiz muammoga aylanib ketishining oʻzi kishini oʻylantiradi. Negaki, tumanning iqtisodiy salohiyati binoyidek. Paxta va gʻallachilikda dehqonchilik madaniyatini qiyib qoʻyadigan nomdor fermerlar ishlaydi. Viloyatda birinchi boʻlib Piskentdan zaʼfaron eksporti yoʻlga qoʻyildi. Xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida togʻ-kon va metallurgiya sanoati uchun noyob xomashyo boʻlgan “ksantogenat” ishlab chiqarish, temir oksididan pigment boʻyoq olish, qurilish mahsulotlari, tomchilatib sugʻorish uchun plastik trubalar, shuningdek, kiyim-kechak ishlab chiqarish kabi oʻnlab loyihalar amalga tatbiq etilgan. Xullas, qayta ishlash sanoati, tadbirkorlik, xususiy biznes, xizmatlar koʻrsatish va boshqa sohalarda ham tuman mahalliy byudjetini izchil rivojlantirish omillari mavjud. Biroq ijtimoiy muammolar koʻlami yil sayin qisqarish oʻrniga ortib bormoqda. Hokimlar yangilangan bilan dolzarb masalalar eskiligicha qolmoqda.
Ana shunday savollarga javob qidirib, Nurafshondan viloyat hokimligi binosidan chiqib, Piskentga kirib borarkanmiz, yoʻl chetida besh oʻntadan boʻsh idish koʻtarib, joʻmrakdan otilib chiqayotgan zilol suvga navbatda turganlar oldida toʻxtadik.
— Piskentdanmisizlar? — soʻraymiz ulardan.
— Ha, shunday, — deya, javob qildi oʻrta yoshlardagi bir yigit.
— Men sal nariroqdagi qishloqdan, Sattoroboddanman, — deydi boshqasi.
— Men yanayam uzoqroqdan kelib ketaman, — deya javob qaytardi uchinchi bir odam.
— Buncha suvni nima qilasizlar, shifobaxshmi? — soʻraymiz ulardan qiziqsinib.
— Shifobaxshligini bilmadik-ku, lekin shirin suv, isteʼmolga yaroqli-da! — deyishadi ular.
— Men hokimiyat orqasidagi mahallada yashayman, — deydi bir ayol. — Hovlidagi suvning maza-matrasi yoʻq, ichib baraka topmayapmiz. Har safar 50-60 litr olib ketaman, ikki uch kunga yetadi.
Tuman markazi va atrofdagi uzoq-yaqin qishloqlardan yil oʻn ikki oy idishda yuzlab litr suv tashib ichayotgan suhbatdoshlarimiz: “Jurnalist boʻlsalaring, masalani uyma-uy yurib oʻrganganlar. Shunda odamlarni qiynayotgan muammolar ildiziga yetasizlar”, — deyishdi.
“Obiz”dan «Kelovchi»gacha
Shu qisqa suhbatdan soʻng, Olmaliq shahri bilan tutash chekka hududlardan biri Ismiddin Haydarov nomli manzil tomon yoʻl oldik. “Guliston” MFYga qarashli Obiz qishlogʻidagi Miroblar koʻchasida toʻxtaymiz.
— Koʻchamizga 2019-yil yoz chillasida suv quvurlari koʻmilgandi. Ungacha atrofdagi qishloqlardan tashib ichganmiz. Haliyam ogʻzimiz oshga yetganicha yoʻq. Suv quvurlari faqat koʻcha boshigacha tortilgan. Hamma bola-chaqasi bilan idishda tashib ichadi, shunga ham shukr! — deydi 34-uy bekasi Shahnoza Aslonova. — Koʻrib turganingizdek ichki yoʻllarga koʻz tekkan, qishda loy kechamiz, yozda chang yutamiz.
— Obizda 60 ta xonadon bor. Uch yuz nafardan oshiq aholi yashaydi, — deydi bizga peshvoz chiqqan Abduhakim Umarov. — Oʻsha ayolning aytgani toʻgʻri, mahalla koʻchalarida har 100 metrga bitta joʻmrak oʻrnatilgan. Jami 15 ta tochka bor. Ichki yoʻllarga besh yil oldin hashar uyushtirib shagʻal toʻshab chiqqanmiz. Qurbimiz yetgani shu boʻldi, asfalt yotqizishga odamlarning hamyoni koʻtarmayapti, ishsizlar koʻp.
— Hokimiyatdagilar shu muammolarni bilishadimi?
— Albatta-da! Oqsoqollar bilan hokimga qatnayverib kovushimiz teshilib ketgan. Oxiri, 2017-yilda eski hokim kelib vaziyatni oʻrgandi. “Mayli endi savob boʻlar-ov!” — deb, ichki koʻchalar bir chetda qolib, qishloq etagidagi “Obiz ota” qabristoniga kirish joyigagina asfalt yotqizib berdi, baraka topkur. Shu-shu koʻcha masalasi menimcha rahbarlarning kun tartibidan koʻtarilgan koʻrinadi.
Mugʻol, Kelovchi, Sagʻana, Gʻortepa, qishloqlari va Doʻstlik qoʻrgʻoni Obiz bilan yonma-yon hududlarda joylashgan. Ularning ham suvga boʻlgan ehtiyoji obizliklardan kam emas. Sagʻanada 160 ta, Doʻstlik qoʻrgʻonida 122 ta, Fermerlar va Yangiobod koʻchalarida 73 ta, Nurafshon koʻchasidagi 10 ta xonadonda ichimlik suvi yoʻq. Kimdir uyidan qazigan quduqdan, boshqa birovlar esa atrofdagi qishloqlardan suv tashib kun oʻtkazishmoqda.
—Bu yerga koʻchib chiqqanimizga 20 yildan oshdi, haligacha ichimlik suvidan qiynalamiz, — deydi Beruniy koʻchasidagi 15-xonadonda istiqomat qiluvchi Toʻlqinali Haydarov. —Yugurib yelishdan naf boʻlmagach, taʼmi yaxshi boʻlmasa-da hovlidan quduq qazib suv ichyapmiz. Kechqurun idishlarga olingan suv yuzasini ertalabga borib yupqa yogʻli parda qoplaydi. Bu suvga tanamiz ham oʻrganib ketdi shekilli, eʼtibor qilmay qoʻydik. Koʻchamizdagi xonadonlarga gaz quvurlari tortilmagan, dala boshiga oʻrnatilgan transformator va simyogʻochlar ham eskirgan.
— Qishlogʻimizga Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, «Ammofos-Maksam» kabi korxonalarning jiddiy zarari sezilyapti, — deya suhbatga qoʻshildi Oʻqituvchilar koʻchasi, 18-uyda yashovchi Nuriddin Manazarov. — Bu korxonalarning baland moʻrilaridan chiqayotgan zararli chiqindi va gazlar toʻgʻri ustimizga yogʻiladi. Quduq suvlaridagi taxirlik ham shu korxonalarning ishi shekilli. Oxirgi oʻn yilda tomorqamizda pomidor, bodring singari sabzavot va mevalardan yolchitib hosil olganimizni eslolmaymiz. Uzum, shaftoli, giloslar ham bitmay ketdi. Havo toza emas! Ariqlarimizda sharqirab turgan oqava suv ham quridi. Ekin-tikin ham oʻziga yetgancha boʻlib qoldi. Eplagan quduqqa motor tashlab tomorqa sugʻoryapti.
Darvoqe, nafaqat Piskent, balki, unga tutash hududdagi Ohangaron tumani va Olmaliq shahri aholisining ham havodagi zararli chang va gazlardan qiynalayotgani ayni haqiqat. Odamlarning shunday eʼtirozlari sababli, “Xalq soʻzi” gazetasi bilan Respublika Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi hamda Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida «Ohangaronsement», Nuroboddagi «Yangi Angren» IES, Olmaliq shahridagi “OKMK”, «Ammafos-Maksam» kabi yirik sanoat korxonalari joylashgan hududlarda oʻtkazilgan tahlillar bu boradagi haqiqiy holatni yuzaga chiqardi. Olmaliq shahrining Baynalmilalchilar, Mustaqillik, Amir Temur koʻchalari, Abdulla Qahhor va Ulugʻbek koʻchalarining chorrahasi, «Ammafos-Maksam» AJ qarshisidagi katta yoʻl, sanoat hududidagi tashlandiqlar atrofi, «Soʻfi Olloyor» MFYdagi Ulugʻbek koʻchasida bir martalik laborator tahlillar oʻtkazildi. Har bir tekshiruv natijasida, havodagi zararli moddalarning ruxsat etilgan meʼyordan past yoki yuqoriligi oydinlashib bordi. Olmaliq shahridagi yettita nuqtada oʻrnatilgan mobil ekolaboratoriyalarning tezkor tahlillari azot dioksidi, uglerod oksidi, oltingugurt dioksidi, fenol, ammiak, serovodorod kabi inson salomatligi uchun xavfli hisoblangan zararli gaz va changlar miqdori havoda ortib borayotganini tasdiqladi. Zararli gazlar miqdori ayrim kuzatuv nuqtalarida meʼyordagidan 1,1 barobardan 4,0 barobargacha, ammiak va serovodorod gazlari miqdori hattoki, 12,0 barobargacha ortiq ekanligi maʼlum boʻldi.
—Qishloqdagi yoshlar umrini bekorga oʻtkazyapti. Tayinli ish yoʻq, borida ham yolchitib pul bermaydi. Qoʻlidan ish keladiganlar mardikor bozoriga chiqadi, hunarsizlar yollanma ishchilikdan kunbay pul topishadi. U ham har doim boʻlavermaydi. Shu tufayli yoʻlini topganlar Rossiyada yana boshqasi Turkiyada yuribdi, — deydi kelovchilik suhbatdoshlarimiz.
Beruniy koʻchasida yashovchi Toʻlqinalining gaplariga koʻra, qishloq yoshlarning koʻpchiligi Olmaliq kon-metallurgiya kasb-hunar kollejini bitirishgan. Uning qizi Sitora Mustafoqulova ham 2016 — 2019-yillarda shu bilim dargohida Elektronika va asbobsozlik yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgan. Sitora noyob ixtisoslikni egallaganiga qaramay, OKMK bilan KXK va oʻquvchi oʻrtasida imzolangan uch tomonlama shartnoma shartlari bajarilmadi. Oqibatda, u ishsiz qoldi. Tumanning boshqa qishloqlarida ham Sitoradek muammoga uchragan yoshlar talaygina.
“Guliston” MFY tarkibidan ajralib chiqqan «Kelovchi»da bugungi kunda 3800 nafar aholi istiqomat qilyapti. Mana shunday katta hududdagi aholi murojaatini tinglaydigan mahalla oqsoqolining hali tayinli xonasi yoʻq. Ijaraga olingan choyxonaning bir qismidagi zax bosgan polsiz xonalarga linolium toʻshab, amal taqal qilib kirib olgan oqsoqol va xodimlar uchun kompyuter u yoqda tursin oddiy stol-stul ham qoʻyilmagan. Yozuv-chizuv tik oyoqda daftar qalamda eplanmoqda. Bu holatda «mahallabay», «xonadonbay» ishlash tizimi qanday shakllanarkin?
15 yil oldin qulagan suv zaxira “bashnya”si
Piskentning Novkent, Oqtepa, Zominovul, Sattorobod kabi aholi manzillaridagi ahvolni oʻrganarkanmiz, ichimlik suvi taqchilligi, toʻkilib turgan taʼmirtalab hovlilar va koʻchalarga duch keldik. Qishloqlarda shagʻal toʻshalmagan yoʻllarni istagancha topasiz.
—Suvni 1,5 kilometr uzoqlikdagi qoʻshni qishloqdan tashib ichamiz,-deydi Zominovuldagi Doʻstlik koʻchasi, 15-xonadonda yashovchi Farhod Rahmonov. — Bir paytlar atrofdagi qishloqlar aholisini ham taʼminlagan Sattoroboddagi suv zaxira bashnyasi bundan 15 yil oldin qulab tushgach, ahvol haligacha oʻnglanmadi. Odamlar kunma kun navbat bilan qulagan zaxira bashnyasining zang bosib, chirigan quvuridan suv tortib ichishmoqda. Uning isteʼmolga nechogʻlik yaroqliligi hozircha hech kimni qiziqtirayotgani yoʻq.
—Qishlogʻimizdagi yoʻlni taʼmirlash uchun loyiha qilinganiga ham hademay 8 yil boʻladi,-deya, izohlagan boʻldi oʻzini Hojiboy Rahmonberdiyev deb, tanishtirgan kishi. — Muammo koʻp, ammo natija yoʻq ukam!-dedi u.
“Toshkent suv taʼminoti” MCHJning Piskent tuman boʻlimiga qarashli “Oqtepa” suv inshootiga tashrif buyurganimizda darvozaning shunchaki ochiq-sochiq tashlab ketilganiga guvoh boʻldik. Minglab nafar aholiga ichimlik suvi yetkazib beruvchi bu muhim strategik inshoot aslida qatʼiy nazoratda qoʻriqlanishi zarur emasmidi?!
Shu inshootdan sal narida joylashgan Novkentdagi Istiqlol koʻchasi, 26-uy bekasining taʼkidlashicha quvur joʻmragidan tushayotgan suvda har xil choʻkindi va zararkunandalar miqdori kun sayin ortib bormoqda...
—Bu suvni hatto qaynatib ham isteʼmol qilishga choʻchiysan kishi, — deydi u. —Yonginamizda esa umumtaʼlim maktabi joylashgan. Bolalarning joʻmrakka ogʻiz qoʻyib suv ichmasligiga kim kafolat beradi?!
Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda tuman aholisi isteʼmolga yaroqsiz deb eʼtiroz bildirgan hududlardan olingan suv namunalarning bakteriologik tahlillarida bir qator manzillarda haqiqatdan ham ichimlik suvi tarkibida nitrat va sulfatlar miqdori hamda suvning qattiqlik darajasi belgilangan meʼyordan oshiqchaligi aniqlandi.
Taʼmirtalab bogʻchalar
Keyingi kuni tumandagi Davlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati bilan tanishdik. “Oybek” MFYdagi 17-sonli DMTM direktori Aqida Mamatqulovaning taʼkidlashicha bu yerda ichimlik suvidan muammo yoʻq. Taraqqiyot, Xoliqberdi, Sayidobod, Chimqoʻrgʻon, Bekobod, Mitan, Mingtepa, Birlik kabi hududlardan qatnayotgan 3-7 yoshli bolalar tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan bu maskan kamchiliklardan holi emish.
Guruhlarni aylanarkanmiz, mebel jihozlari eskirgani, 180 ta bolalar stulchalari, 36 ta kiyim javoni va jajji bolajonlar ovqatlanadigan stollar, 180 dona karavot yetishmasligi maʼlum boʻldi. Bogʻcha hovlisidagi oʻyin maydonchalari ham talab darajasida emas. Daraxtlarni oqlash, shakl berish, koʻrgazmali maydonchalarni boʻyash, kerakli inventarlar bilan taʼminlash lozim. Oʻtgan yili ilingan bayroqchalar rangi issiq va sovuqdan boʻzarib ketgan. Yozgi ayvonlarning shift va devorlari koʻchib taʼmirtalab holatga kelgan. Xullas, 17-sonli DMTMda direktor aytganidek: “hammasi joyida” emas ekan.
“Mitan” MFYdagi Furqat koʻchasida joylashgan 6-DMTMdagi ahvol ham achinarli. 1986-yilda qurilgan, hozirda mukammal taʼmir talab bu maskanda ham stol-stul, bolalar karavoti, kiyim javoni, oʻyinchoqlar, 100 dona matras, 70 ta koʻrpa va 50 ta yostiq kabi zaruriy anjomlarga ehtiyoj bor. Binoning 2-qavati 6 ta guruh uchun ajratilgan boʻlsada, eshiklar zich yopilgan. Sababini soʻraganimizda tepaga suv chiqmasligi tufayli u yerga bolalarni qabul qilishmayotganligini aytishdi.
—Bugungi yosh avlodni har tomonlama bilimdon va zukko qilib tarbiyalashimiz uchun albatta AKT darslarini yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Biroq, buning uchun televizor va kerakli jihozlarga ehtiyojimiz bor, —deydi direktor Gavhar Haydarova.
Bogʻchadagi bolalar oʻyingohi ham risoladagidek emas. Oʻtgan asrning 80 yillari oxirida oʻrnatilgan oshxonadagi elektr pechi, goʻsht qiymalagich, gaz plitasi, muzlatgich kabi zaruriy maishiy texnikalar allaqachon oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlgan.
—Ovqatni mana bu gazdagi qozonda, havo ochiq kunlarida esa tashqaridagi oʻchoqda pishiramiz, — deydi oshpaz opalardan biri, omonatgina turgan gaz plitasiga ishora qilib. — Yangilariga buyurtma berilgan, menimcha mukammal taʼmirdan keyin ijozat boʻlsa kerak.
Homiylik pulini kim yeb ketdi?
«Maylobod»mahallasi tuman hokimligi bilan yonma-yon joylashgan. Bu yerdagi 4-Davlat maktabgacha taʼlim muassasasi qurilishi bilan bogʻliq hangomalarni sohaga daxldor rahbarlar ichida eshitmagani kam boʻlsa kerak. Bundan bir necha yil oldin 100 oʻrinli bu maskanni deyarli noldan qayta qurish uchun tuman hokimligi boshchiligida harakatlar boshlab yuborildi. Viloyatda bu ishni eplaydigan qurilish tashkilotlari istagancha topilsa-da, bogʻchani bunyod etishga ustalar guruhi negadir Fargʻona vodiysidan tashlandi. Ishlar binoyidek ketayotgan kunlarning birida “qoʻli gul” quruvchilar birdan koʻrinmay qolishdi.
—Ularni izlab bormagan joyim, murojaat qilmagan rahbarim qolmadi. Lekin ustalar suvga choʻkkandek gʻoyib boʻlishdi. Ularning rahbari boʻlgan yigit bilan telefon orqali qilgan sanoqsiz muloqotlarimiz naf bermadi,-deydi taʼlim muassasasi direktori Barno Rahmonova.
Ismi-sharifini sir tutishlikni aytgan mutaxassisning taʼkidlashicha, bu ishga hokimiyat tomonidan homiylik mablagʻlari jalb qilingan ekan. Unga vodiylik ustalar rahbari qoʻngʻiroq qilib: “Hokimiyatdagilar bizni aldadi, pulimizni yeb ketdi, endi qaytib bormaymiz”,-deyishibdi.
—Hamma hangoma shundan keyin boshlandi. Bu ishga hech kim bosh qoʻshmay qoʻydi,-deya soʻzida davom etdi Barno Rahmonova. — Yugurib yelsak-da, qurilishga ajratilgan pullar daragini topolmadik. Bir amallab qoʻshimcha binoni qurdik. Asosiy binodagi taʼmirlashni ham oʻzimiz oxiriga yetkazdik. Kanalizatsiya quvurlarini oʻrnatishdagi pala-partishliklar oqibatida hammayoqdan suv otilib keta boshladi. Bularni ham qayta oʻrnatdik. Tomdan chakka oʻtdi, yopdik, devorlar yorildi berkitdik.
Haqiqatda yangi bogʻcha biz borgan kunlari devorlari yorilib ketgan, mahalla va koʻchadan devor bilan toʻsilmagan, darvozasi yoʻq, ayanchli bir ahvolda edi. Bolalar maskani bogʻchani emas, koʻproq tashlandiq binoni eslatardi.
—Binoyidek isitish tarmogʻi olib tashlanib, issiq pol oʻrnatilgani sababli guruhlar tarbiyalanadigan xonalarda havoning erkin aylanish holati buzilib, taʼmirdan chiqqan devorlar nam tortib ketgan. Bunday joyda bolalar qanday qilib erkini nafas olishi mumkin? Hozir issiq poldan hatto katta yoshdagilar ham ranjishmoqda-ku!-deydi maskan rahbari.
Bogʻcha qurilishi nega shu paytgacha arosatda tashlab qoʻyilganiga oydinlik kiritish maqsadida taʼmirlash jarayoniga bosh-qosh boʻlgan tuman hokimining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sunnatilla Isaqulovga qayta-qayta murojaat qilsak-da, tegishli loyiha-smeta hujjatlari, vodiylik shovvozlar va hokimiyat oʻrtasida tuzilgan shartnoma bilan tanishishimizni ortga surar, vaʼda qilingan kunlar esa oʻtib borardi. Har safar “Sizga oʻzim qoʻngʻiroq qilaman”-deya, telefon goʻshagini qoʻyib qoʻyavergach, bu hujjatlar bizga hech qachon taqdim etilmasligini fahmladik.
Xullas, 4-DMTMni mukammal taʼmirlashni oʻz zimmasiga olgan tuman hokimligi bilan vodiylik “ishbilarmonlar” oʻrtasidagi oʻzaro sirli kelishuv hozircha mavhumligicha qoldi. Lekin bir narsa oydinlashdiki, tumandagi taʼlim muassasalarida suv tozalash filtrlari oʻrnatilmagan, kanalizatsiya tarmogʻi esa yoʻq. Chiqindi suvlari bogʻcha hovlisining bir chetida kovlangan oʻraga tashlanadi... Ha demay jazirama kunlar boshlanganda bu oʻralardagi yuvindi va axlat suvlari oʻzidan zararli is gazi tarqatishi ham isbot talab etmaydigan haqiqatku!...
Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring