Buxoroda pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimi harakati gʻayriqonuniy deb topildi
Foto: Халқ сўзи
Turmush oʻrtogʻining vafot etishi Romitan tumanida yashovchi Usmon Murodovni mushkul ahvolga solib qoʻydi. Axir hali voyaga yetmagan farzandlari bor. Soʻrab-surishtirgan edi, tanishlari pensiya jamgʻarmasiga murojaat qilishni maslahat berishdi.
Turmush tashvishlarim xiyla yengillashar, degan umidda byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Romitan tuman boʻlimiga borib voyaga yetmagan farzandlarining onasi vafot etganligi sababli boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasini tayinlashni soʻradi. Ammo tashkilot marhuma bilan oʻrtalarida qonuniy nikohdan oʻtgani toʻgʻrisida guvohnoma yoʻqligini vaj qildi. Murojaatchining tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi. Biroq koʻnglining bir chetida “Qonun men tomonda.Haq baribir yuzaga chiqadi”, degan ishonch bor edi.
Shundan soʻng u Romitan tuman adliya boʻlimiga murojaat qildi. Mutaxassislar holatni atroflicha oʻrgandi va byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimi harakatlari gʻayriqonuniy deb topildi. Boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasini tayinlash majburiyatini yuklash toʻgʻrisida Buxoro tumanlararo maʼmuriy sudiga ariza kiritildi. Oʻz navbatida sud jamgʻarma tuman boʻlimi zimmasiga murojaatchining voyaga yetmagan farzandlariga nisbatan boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasini tayinlash majburiyatini yukladi. Shu tariqa adolat qaror topdi.
Buxoro viloyat adliya boshqarmasi maʼlum qilishicha, joriy yilning 9 oyi davomida 3 ming 400 dan ziyod murojaat kelib tushgan.Ularning aksariyati qonuniy yechimini topgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring