“Pavloniya Fest – 2026” festivali: tabiat va hayot uygʻunligi tantanasi

11:14 01 Aprel 2026 Jamiyat
234 0

Ayni kunlarda Andijon viloyati pavloniya gullariga burkangan. Bu nafaqat bahoriy zavq bagʻishlamoqda, balki, koʻplab sayyohlarning ham eʼtiborini tortyapti. Shu bois bu betakror manzarani koʻrish uchun qoʻshni davlatlardan tashrif buyuruvchilar soni kun sayin ortib bormoqda. “Pavloniya Fest – 2026” festivali doirasida esa sayyohlar soni yanada ortadi. Zero, tadbir davomida nafaqat, bahoriy ifordan koʻngil yashnaydi, balki, turli madaniy-maʼrifiy kechalardan maʼnaviy ozuqa olish mumkin. Andijon shahrida ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu festivaldan koʻzda tutilgan maqsad qiygʻos ochilgan pavloniya daraxtlari ostidagi oqshom tadbirlarida ekologiya musaffoligini taʼminlash, koʻkalamzorlashtirish va obodonchilikni targʻib etish, yosh avlod ongida ona tabiatga boʻlgan ijobiy munosabatni shakllantirishdan iboratdir.

— Yaponiyada sakura daraxti gullagan pallada bahorning bu moʻjizasini koʻrish uchun dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan sayyohlar kelishini koʻp kuzatgan edim, — deydi Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh shahrida istiqomat qiluvchi Erkinoy Mamatova. — Andijonda boʻlib oʻtayotgan “Pavloniya Fest – 2026” festivali ham viloyatda sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Kezi kelganda, mamnuniyat bilan aytishim kerakki, Oʻshda Andijon viloyatini pavloniya daraxtining ikkinchi vatani, deb ham atashadi. Boisi, bu zaminda unib, koʻkka boʻy choʻzgan minglab pavloniya daraxtlari Oʻsh shahriga ham koʻrk berib turibdi. Andijonliklarning beminnat tuhfasi tufayli shahrimizda bahor yanada maftunkor qiyofa kasb etdi.

Ushbu festival 6 kun davom etadi va tadbir doirasida turli koʻrgazmalar, konsert dasturlari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi targʻibotlari boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan. Uning birinchi kunida 26 ming nafar hamyurtlarimiz ishtirok etdi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер