Parlamentning yuqori palatasida Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva kecha Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri Li Jung Sik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng koʻlamli hamkorlikni, xususan, mehnat munosabatlari sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda parlamentlararo muloqotning oʻrni muhimligiga eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, Oliy Majlis Senati raisi rahbarligidagi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan mamlakatlarimiz oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar, “yoʻl xaritalari”ning bajarilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlashga qaratilgan hamkorlik boʻyicha maxsus komissiya faoliyati samaradorligi alohida qayd etildi.
Janubiy Koreya tomonining joriy yil sentyabr oyiga moʻljallangan yangi formatdagi “Markaziy Osiyo + Koreya Respublikasi” parlamentlararo hamkorlik boʻyicha sammiti koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi taʼkidlandi.
Muloqot chogʻida davlatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarda mehnat munosabatlari bilan bogʻliq yoʻnalish muhim ahamiyat kasb etishi, bu boradagi loyihalarni hayotga tatbiq etishning huquqiy asoslarini birgalikda ishlab chiqish, oʻzaro takliflar bildirish, muzokaralar hamda uchrashuvlar oʻtkazishni faollashtirish masalalarini hal etish va yoʻnalishlarni belgilab olish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, BMTning “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish boʻyicha global tezlatkich” tashabbusi doirasida oʻzaro hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham takliflar ilgari surildi.
Oʻzbekiston va Koreya Respublikasining tegishli vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandumning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi.
Memorandumni amalga oshirish doirasida mehnatni muhofaza qilish, gender tenglik, shuningdek, “Better work” dasturini amalga oshirish masalalarini hal etishda oʻzaro hamkorlikni aks ettiruvchi Qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring