Parlament oʻz vakolatlaridan qanchalik foydalanyapti?

15:17 12 Dekabr 2018 Siyosat
1453 0

Arxiv foto

Parlamentning eng asosiy nazorat funksiyalaridan biri qonunlar ijrosi ustidan parlament nazorati sanaladi. Davlatimiz rahbariKonstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida Oliy Majlis bugungi kunda ushbu yoʻnalishda sust faoliyat olib borayotganini qayd etdi. Ayni chogʻda parlament faoliyatini jonlantirish usullari vazifa qilib belgilab berildi.

Qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish va toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanadigan qonunlar qabul qilishni yoʻlga qoʻyish maʼruzada alohida taʼkidlandi. Buning sababi — xalqimizning aksariyati qonunlardan xabari bor, lekin mavjud boʻlgan minglab qonunosti hujjatlaridan emas! Shuning uchun davlat idoralariga qonunga asosan murojaat qilgan fuqarolar oʻzlari kutmagan holda qonunosti hujjatlarida tashkilot manfaatini koʻzlab qabul qilingan cheklovlarga duch kelishadi. Bu holat oʻrni kelganda, yurtimizga tashrif buyurgan chet elliklar, ayniqsa, xorijiy investorlarning ham hafsalasini pir qilmoqda. Demak, bu borada samarali ishlashimiz zarur. Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunlar roʻyxatini shakllantirishimiz, ilgʻor xalqaro tajribalar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotda qoʻllaniladigan qonunlar qabul qilishimiz lozim.

Prezident tashabbusi bilan parlamentda shu yil boshidan yana bir nazorat funksiyasi — “Hukumat soati” instituti joriy qilingandi. Aynan mazkur mexanizmdan Qonunchilik palatasi hozir ham foydalanib kelayotgan, “Hukumat soati” aniq savol-javoblardan tashkil topgan boʻlsa-da, biroq undan qonunlar ijrosi nazoratida toʻlaqonli foydalana olmadik. Bu boʻyicha ham tashabbusni qoʻlga olishimiz zarur.

Shuningdek, “Deputat soʻrovi” institutining ham yanada kengroq va samarali qoʻllanilishiga erishishimiz maqsadga muvofiq. Ochigʻini aytish kerak, bugun bu soʻrovga masʼullar oʻz vaqtida, batafsil va asosli javob bermayapti. Shu bois ularga “parlament soʻrovi” yuborishni muntazam joriy qilishimiz talab etiladi. Natijasi yuzasidan esa xalqimizni xabardor qilib, ular bilan fikrlashib borishimiz kerak.

Yana bir holat. Masʼul shaxslarning qonunlar ijrosi yuzasidan parlamentga hisob berish uchun kelmasligi holatlari ham bu borada nazoratni samarali oʻrnatmaganimizni koʻrsatadi.

Mazkur holatlar yuzasidan koʻplab deputatlarning tanqidiy fikrlari, qatʼiy pozitsiyalari mavjud boʻlsa-da, bularning barchasini saylovchilarga yetkazib bera olmayapmiz. Buning uchun OAV bilan samarali hamkorlik oʻrnatishimiz zarur. Bundan keyin pozitsiyalarni muntazam va keng yoritishimiz shart. Xalqimiz oʻz vakillarining islohotlar, xato hamda kamchiliklar yuzasidan munosabatini bilsin. Bu esa qonunlar ijrosi ustidan parlament nazorati faoliyatida natijadorlikka taʼsir qilib, ijro hokimiyati masʼullarining ham masʼuliyati ortishiga xizmat qiladi.
Eldor TULYAKOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер