Pandemiya tugadi, koronavirusga qarshi kurash esa davom etmoqda — JSST

15:10 11 May 2023 Dunyo
895 0

Avval xabar berganimizdek, oʻtgan hafta Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirus pandemiyasi tugatilgani eʼlon qilindi. Ammo bu xavf toʻliq chekinganini anglatmaydi.

Soʻnggi tadqiqotlardan birida JSST ekspertlari 139 ta mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni tahlil qildi. Mutaxassislar xulosasiga koʻra, sogʻliqni saqlash muassasalari faoliyatidagi uzilishlar pandemiya boshlanganidan uch yil oʻtib, asta-sekin tiklanmoqda.

Bu borada muammolarga duch kelayotgan davlatlar soni 25 foizdan ham kamroq. Vaholanki, 2020-yil iyul-sentyabr oylarida mazkur koʻrsatkich 59 foizga teng edi.

Hisobotda qayd etilishicha, virus bundan keyin ham saqlanib qoladi. Davlatlar xuddi boshqa yuqumli kasalliklar singari u bilan muntazam va tizimli kurashishga moslashishi kerak.

Oʻz navbatida, dunyo olimlari infeksiya va uning yangi mutatsiyalariga qarshi samarali dori vositalarini yaratish ustida izlanishlarni toʻxtatgani yoʻq.

Jumladan, JSST va uning hamkorlari tomonidan oʻtkazilayotgan “Solidarity” xalqaro klinik sinoviga 52 mamlakatdan ikki ming nafar olim jalb etilgan. Tadqiqotda 14 mingdan ziyod bemor ishtirok etyapti.

Olimlar guruhi yaqin istiqbolda СOVID-19ga qarshi samaradorligi yuqori boʻlgan yangi dorilar yaratilishini ishonch bilan taʼkidlamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер