Pandemiya sogʻliqni saqlashning ilm-fan yoʻnalishida hali bilimlarimiz zaif ekanini koʻrsatib qoʻydi — Prezident
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida yurtimizdagi ilm-fan masalasiga eʼtibor qaratdi.
"Ayni paytda oliy taʼlim sohasida bir qator muammolar saqlanib qolayotganini taʼkidlash lozim. Bu muammolar nimalardan iborat? Ularni hal etish uchun qanday tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak?
Avvalo, sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, ayniqsa, hududlarda nodavlat oliy oʻquv yurtlarini tashkil etish sekin bormoqda. Mana, Fargʻonada Koreya bilan, Xorazmda Malayziya bilan hamkorlikda oliy oʻquv yurtlari tashkil etilyapti. Lekin, nima uchun boshqa viloyatlarda bunday harakatlar sezilmayapti?
Aksariyat bitiruvchilarning bilim va malakasi mehnat bozori talablariga javob bermayotganini ham tan olishimiz kerak. Mahalliy taʼlim muassasalarida innovatsion faoliyat hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish darajasi juda past. Tizimda ilmiy darajali oʻqituvchilar ulushi oʻrtacha 37 foiz ekani bizni qoniqtirmaydi. Hududlarda bu koʻrsatkich yanayam past darajada saqlanib qolmoqda.
Oliy taʼlim maskanlarini ilmiy laboratoriyalar bilan jihozlash, tizimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash darajasi ham past ekanini qayd etish lozim.
Sir emas, bugungi pandemiya juda koʻp sohalar qatorida sogʻliqni saqlashning ilm-fan yoʻnalishida ham hali bilimlarimiz zaif ekanini koʻrsatib qoʻydi. Barchamiz bundan jiddiy xulosa qilishimiz kerak", dedi davlat rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring