“Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizimida oʻtgan yilda qariyb 46 mlrd soʻmlik xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan

14:32 15 Fevral 2023 Jamiyat
774 0

AOKAda oʻtkazilgan brifingda mazkur aksionerlik jamiyati axborot xizmati rahbari Akmal Murodov 2022-yilda tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Oʻtgan 2022-yilda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va uning tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish boʻyicha bir qator ishlar bajarildi.

Xususan, Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat boshqarmasi tomonidan Jamiyatning yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, “Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish boʻyicha nizom” kabi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 16 ta ichki normativ hujjatlar ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Jamiyatga xodimlarning ishga qabul qilish jarayonini ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida oʻtkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmogʻi orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan.

2022-yil mobaynida Jamiyat hamda uning tizim tashkilotlarida jami 68 ta manfaatlar toʻqnashuvi holatlari aniqlanib, ulardan

44 tasi bartaraf etilgan, qolganlari joylardagi “Odob axloq” komissiyalariga koʻrib chiqish uchun yuborilgan.

Shuningdek, Jamiyatning aloqa kanallari orqali xodimlarning korrupsiyaviy xatti-harakatlari, manfaatlar toʻqnashuvi va boshqa korrupsiyaviy qonunbuzarliklar bilan bogʻliq masalalar toʻgʻrisida jami 893 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning barchasi qonun doirasida hal etilgan.

Hisobot davrida Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari inspektorlari tomonidan 393 ta monitoring va nazorat tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, ular davomida 45,7 milliard soʻmlik xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan.

Aniqlangan kamomad va oʻzlashtirishlar boʻyicha jami 6,3 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ va tovar-moddiy boyliklar Jamiyat hamda uning hududiy korxonalarining hisob-raqamlariga undirilgan. 25,4 milliard soʻmlik kamomad, oʻzlashtirish va talon-taroj holatlari boʻyicha jami 117 ta hujjat qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati hamda uning tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazorat tuzilmalarida mehnat qilayotgan jami 23 nafar xodimning malakasini oshirish maqsadida ular uchun muntazam ravishda maxsus oʻquv seminar-treninglar tashkil etilib kelinmoqda.

Korrupsiyaviy xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida hisobot davrida komplayens-nazorat xizmati xodimlari tomonidan Jamiyatning tizim tashkilotlari, mahallalar va taʼlim muassasalarida mavzuga oid 585 ta uchrashuv va davra suhbatlari oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер