Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro hamkorlik

13:27 02 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
3145 0

Global pandemiya sharoitida dunyo davlatlari qatori yurtimiz oldida turgan asosiy masala — qishloq aholisining turmush darajasini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, isteʼmolchilarni sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan talablarini qondirish asosiy masalalardan biri boʻlib qolmoqda.

Barchangizga maʼlumki, sayyoramizda davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi iqtisodiyotning barcha tarmoqlari qatorida qishloq xoʻjaligida ham mavjud resurslar va imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish, uning xavfsizligini taʼminlash, sohaga ilgʻor zamonaviy yondashuvlarni joriy etish boʻyicha ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy hamda ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

Bugungi kunda butun dunyo olimlari, tahlilchilari, siyosatchilar, davlat arboblari va jamoatchilik vakillari insoniyat boshidan kechirayotgan koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, uni bartaraf etish yoʻllari xususida qizgʻin muhokamaga kirishgan.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining 2020-yil uchun eʼlon qilgan yangi prognozlariga koʻra, bazaviy ssenariy boʻyicha pandemiya natijasida global iqtisodiyot bu yil 3 foizga pasayishi kutilmoqda. Bu, joriy yilning yanvar oyida eʼlon qilingan prognozdan 6,3 foiz punktga pastdir. Agar virus bilan kurashish choʻzilib ketadigan boʻlsa, unda global iqtisod 6 foizga pasayishi mumkinligi eʼtirof etilmoqda.

Xalqaro tashkilotlarning ekspertlari, nufuzli tahlilchilari COVID-19 pandemiyasi tufayli jahon iqtisodiyotida retsessiya holati yuzaga kelishi muqarrarligini va ushbu tanazzul dunyo tarixida sodir boʻlgan barcha retsessiyalarning “onasi” sifatida namoyon boʻlishini taʼkidlashmoqda.

Barchamizga ayonki, koronavirus pandemiyasi hukumatlarni oʻz chegaralarini yopishga majbur qildi. Natijada dunyo boʻylab tadbirkorlik faoliyati va oʻzaro tovarlar, xizmatlar ayirboshlanishiga jiddiy putur yetdi. Harakatlar cheklanishi, yetkazib berish va aviatsiya sanoatida uzilishlar oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayonini, ularni xalqaro koʻlamda tashishni qiyinlashtirdi. Bu esa, oʻz navbatida, ishlab chiqarish va taʼminot zanjirining buzilishiga hamda oziq-ovqat xavfsizligiga raxna sola boshladi.

Maʼlumki, bunday holat kelajakda oziq-ovqat muammosini yana-da chuqurlashtiradi. Hatto ayrim davlatlarda ocharchilikning avj olishi oqibatida ijtimoiy boʻhronning yuzaga kelish xavfi mavjud. Shunday ekan, ushbu baloga qarshi dunyo olimlari, tajribali ekspertlar birlashgan holda harakat qilishlari lozim boʻladi.

Ushbu jihatlarni eʼtiborga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, joriy yilning 20-22-oktyabr kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Germaniyaning IAMO (Oʻtish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti) hamda AQSHning IFPRI (Xalqaro oziq-ovqat siyosati tadqiqotlari ilmiy tadqiqot instituti) institutlari bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda sogʻlom iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish va hududiy hamkorlik” xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Universitet rektori Qoʻngʻirotboy Sharipov xalqaro tadbirni ochib berar ekan, barcha nufuzli tashkilotlar vakillari va ishtirokchilarga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Uch kun davom etgan konferensiya ishida Germaniya, Italiya, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Indoneziya, Portugaliya, Rossiya va MDH davlatlarining 30 dan ortiq professor-oʻqituvchilari, ekspert mutaxassislari taqdimot maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Onlayn platforma yurtimiz va xorijlik olimlar, siyosatchi, ishbilarmon doira vakillari hamda fuqarolik jamiyatlari uchun oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhokamalar maydoniga aylandi.

Xalqaro konferensiya COVID-19 pandemiyasi sharoitida aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qulay agrobiznes muhitini shakllantirish va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish omillari, qishloq xoʻjaligida taʼlim  ilm-fan  ishlab chiqarish integratsiyasi va xalqaro maydonda yuz berayotgan yangi tendensiyalar, qishloq xoʻjaligida raqamli texnologiyalar va ishlab chiqarish omillaridan samarali foydalanish yoʻllari kabi bugungi kunning dolzarb masalalariga bagʻishlangani bilan ham ahamiyatlidir. Unda xorijlik olimlar, xalqaro tashkilotlarning mutaxassis-ekspertlari oʻzlarining amaliy tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

— Mazkur yirik tadbirda mamlakatim nomidan soʻzga chiqish men uchun katta sharaf, — dedi Germaniya Federativ Respublikasi Oziq ovqat va Qishloq xoʻjalik vazirining Xalqaro aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari janob Fridrix Voker. — Bugun qishloq xoʻjaligi nafaqat oziq-ovqat xavfsizligi, balki sanoat korxonalarini qayta tiklanuvchi xom-ashyo resurslari bilan taʼminlashda muhim manbaga aylandi. Shu bois, koʻplab davlatlarda ushbu tarmoqqa boʻlgan munosabat oʻzgarib bormoqda. «Inqiroz davrida aqlli va dono koʻprik quradi, axmoq esa qarzga botadi», — degan naql bejiz aytilmagan. Bozorni himoya qilish va izolyatsiya siyosati inqiroz davrida yaxshi yechim emas.

“Biz xalqlarimizga sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ega boʻlish uchun lozim boʻlgan barcha neʼmatlarni yarata olmaymiz. Shu sababli, har bir hududning xususiyati va imkoniyatlarini inobatga olib, oziq-ovqat taʼminoti kanallarini kengaytirishimiz lozim. Shu bilan birga, oziq-ovqat taʼminoti hududlarini diversifikatsiyalash ham xalqaro savdoning rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Pandemiya davrida bu oʻz isbotini topganiga guvoh boʻldik.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida Oʻzbekistonda bu yoʻnalishda katta ishlar amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor. Bu masalada ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining ham oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, sohada kichik va oʻrta fermerchilikni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishi sharoitida innovatsion va yangi noanʼanaviy usullar orqali barqaror qishloq xoʻjaligini tashkil etish boʻyicha hududlarda tajriba ortib bormoqda. Bugungi imkoniyatdan foydalangan holda, ushbu anjumanda ishtirok etayotgan tadqiqotchilarning muhim fikr va gʻoyalarini olib, Markaziy Osiyoni yaxlit bir hudud sifatida qarashimiz, har bir davlat ehtiyojiga mos yechimlar topishga intilishimiz lozim”.

Konferensiya dasturiga muvofiq Amerika Qoʻshma Shtatlarining Xalqaro oziq-ovqat siyosati tadqiqotlari ilmiy tadqiqot instituti (IFPRI) Bosh direktori Yoxan Svinnen janoblari ham soʻzga chiqib quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi.

“Bizning tadqiqotlarimiz shuni koʻrsatmoqdaki, agar rivojlanayotgan mamlakatlarda mavjud vaziyatni isloh etish yuzasidan davlatning aralashuvi boʻlmaganda, sayyoramizda qashshoqlikka yuz tutganlar soni qisqa fursatda 150 million kishiga koʻpayib ketar edi. Barchamizga maʼlumki, jahonda hukm surayotgan pandemiya sharoitida eng asosiy hayotiy zarurat boʻlmish, oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masalaga aylandi. Buni sogʻliqni saqlash tizimi, iqtisodiyot va oziq-ovqat inqirozi deb baholash lozim. Oziq-ovqat inqirozi iqtisodiy tanazzul va oziq-ovqat tizimining buzilishi oqibatida yuzaga keladi. COVID-19 pandemiyasi oziq-ovqat tizimidagi zaifliklarning naqadar ulkan ekanligini koʻrsatib berdi.

Ushbu baloning taʼsirida oziq-ovqat tizimida uzilishlar vujudga keldi, ayniqsa, oziq-ovqat tizimining koʻp mehnat talab qiladigan sohalarida, xususan meva va sabzavotlarni yetishtirish, ularni isteʼmolchilargi yetkazib berish zanjirlarida muammolar yuzaga keldi. Virus infeksiyasi tufayli taʼminot zanjirlarining parchalanishi va turli xildagi siyosiy cheklovlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlarining oshishiga, ikkinchi tomondan esa, ishlab chiqarishning pasayishiga olib keldi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, COVID-19 pandemiyasi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy tanazzul va buzilishning umumiy taʼsiri, ayniqsa kambagʻallar uchun zararli hisoblanadi, kambagʻal qatlam daromadlari yoʻqolishi yoki pasayishiga taʼsir koʻrsatadi. Pandemiya koʻplab mamlakatlarda ogʻir iqtisodiy turgʻunlikni keltirib chiqaradi. Asosiy boyligi jismoniy mehnat boʻlgan odamlar daromadsiz qoladi va ishdan ayrilish oqibatlaridan eng koʻp zarar koʻrishadi.

Pandemiya tadqiqot olamiga ham taʼsir koʻrsatdi. Bizning faoliyatimiz ham maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va tadqiqotlarni oʻtkazishning yangicha, nostandart usullaridan foydalanishni talab etmoqda. Hozir veb-saytimizda COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq 90 ta oziq-ovqat xavfsizligi va uning qashshoqlikka taʼsiri boʻyicha 50 dan ortiq blogimiz yaratildi. Biz deyarli 25 dan ortiq virtual tadbirlarni uyushtirdik va avgust oyida pandemiya bilan bogʻliq voqea-hodisalar haqida koʻplab olim va ekspertlarning tahlillarini birlashtirgan elektron kitobni nashrdan chiqardik. Bularning barchasi veb-saytimizda oʻz aksini topgan. Bugungi konferensiya ishtirokchilariga shuni maʼlum qilmoqchimanki, virtual kitoblarning barchasi saytimizda ochiq holatda turibdi, undan bemalol foydalanishlaringiz mumkin.

Qadrli doʻstlar, Markaziy Osiyo mintaqasida bir nechta yangi siyosiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. Masalan, Oʻzbekiston hukumati Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilish masalasini koʻrib chiqmoqda. U JSTga aʼzo boʻlish uchun ariza berdi va 2030-yilgacha qishloq xoʻjaligida oziq-ovqat sektorini rivojlantirishning yangi va ulkan strategiyasini qabul qildi. Bularning barchasi, oziq-ovqat tizimi mintaqada haqiqatan ham oʻzgarishi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatadi”.

Shuningdek, konferensiyada Qishloq xoʻjaligi boʻyicha ilmiy tadqiqot institutlari konsorsiumi – CGIAR (Consortium of International Agricultural Research Centers) Bosh direktori oʻrinbosari Yekaterina Krivonos xonim ham nutq soʻzladi. U oʻz nutqida quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi.

 Oldingi ishim doirasida bir necha marotaba Toshkentda boʻlganman va u yerda Jahon Savdo Tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoni va qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash boʻyicha tahlillar bilan Oʻzbekiston hukumatini qoʻllab-quvvatlashda qatnashganman. Bugun biz qishloq xoʻjaligi sohasidagi xususan oziq-ovqat, yer va suv tizimidagi bogʻliq muammolar va qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadqiqotlarni olib borish va innovatsiyalarni yetkazib berish usullarini qayta koʻrib chiqish nima uchun kerakligi haqida gaplashamiz.

Bugungi kunda oziq-ovqat tizimidagi vaziyat qanday? Insoniyat soʻnggi oʻn yilliklar ichida qashshoqlik va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida katta yutuqlarga erishdi. Ammo oziq-ovqat tizimi global muammolarni, xususan, atrof-muhitning yomonlashuvi, ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklar, semirish va sogʻliqni saqlash inqirozlari, ishchilar va oziq-ovqat tizimlari uchun kam maoshlar belgilash, xavfli ish joylari kabilarni hal qila olmayapti. Bizning atrofimiz, yerimiz, suvimiz va dengiz hayotimiz notoʻgʻri boshqarilmoqda.

Bizda global isish, haddan ziyod qurgʻoqchilik, oʻrmonlarning yoʻq qilinishi, tuproqning degradatsiyasi, suvning ifloslanishi, bioxilma-xillikning yoʻqolishi sodir boʻlmoqda. Shu bilan birga, qashshoqlik, ochlik va toʻyib ovqatlanmaslik yuqori darajada qolmoqda. Dunyo aholisining toʻqqiz foizi, kuniga 1 dollardan kam boʻlgan daromad bilan yashamoqda. Dunyo aholisining toʻrtdan bir qismi kuniga 3 dollardan 20 dollargacha kun kechirmoqda, bu esa ikki milliard odam sogʻlom ovqatlanmayotganini anglatadi.

Qashshoqlik qishloq joylarda shaharlarga qaraganda uch baravar yuqori darajada. 2019-yilda deyarli 690 million kishi yoki dunyo aholisining 8-9 foizi och boʻlgan. Bu bir yil ichida 10 millionga oshdi. COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy taʼsiri natijasida, 2020-yil qashshoqlik 20 foizga, yaʼni qoʻshimcha 40 million kishiga koʻpayishi kutilmoqda. Pandemiya tufayli 2020-yilda dunyodagi toʻyib ovqatlanmaganlarning umumiy soni 3 milliondan 132 milliongacha koʻpayishi xavotirli holat. Bundan tashqari, tengsizlik, toʻyib ovqatlanmaslik, qashshoqlik qishloq aholisi orasida davom etmoqda. Yer, oziq-ovqat va suv tizimlari bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, bu muammolarni xususiy, jamoat va fuqarolik jamiyatlari oʻrtasida muvofiqlashtirilgan harakatlar orqali hal qilish kerak va bu harakatlar dalillarga asoslangan boʻlishi kerakligi taʼkidlab oʻtdi.

Shu bilan birga Germaniya Federativ Respublikasida taniqli olim, Oʻtish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish ilmiy tadqiqot instituti direktori, professor Tomas Glaubenning ham chiqishi konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Olim oʻz chiqishida quyidagilarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

 Hozir oziq-ovqat xavfsizligi, inklyuziv oʻsish yoki tabiiy resurslarni saqlash kabi barqaror rivojlanish maqsadlarining barqarorligini ilgari surish har qachongidan ham qiyindir. Ushbu muammolar Markaziy Osiyo kabi oʻtish iqtisodiyoti mamlakatlariga taʼsir qilishi tabiiydir. Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xoʻjaligi ekinlaridagi mahsuldorlikning pastligi, oziq-ovqat zanjirining yetarli darajada rivojlanmaganligi, samarasiz logistika tizimining mavjudligi, tranzaksion xarajatlarning yuqori boʻlishi, savdodagi potensial daromad va oziq-ovqat zanjiri ishtirokchilarining bozorga kirishini cheklaydi.

Shunday qilib, oziq-ovqat iqtisodiyotining moslashuvchanligi va barqarorligini oshirish uchun ilgʻor strategiyalar talab qilinadi. Shu nuqtayi nazardan, innovatsiyalar xususan, raqamli yangiliklar ushbu muammolarni hal qilishning muhim vositasi boʻlishi lozim.

Ilm-fan va taʼlim sohasidagi tadqiqotlardan foydalanish uchun ehtiyojlarni hisobga olgan holda yechimlar topish uchun ilm-fanni biznesga oʻtkazish uchun harakat qilish lozim. Shunday qilib, sheriklik va koʻp manfaatli dialoglar barqaror oziq-ovqat sektorini rivojlantirishga yordam berishi mumkinligini qayd etdi.

Konferensiya davomida ilgʻor xorijiy tajribalarni Oʻzbekiston misolida amaliyotga tatbiq etish boʻyicha ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy va ilmiy-amaliy tavsiyalar, Oliy taʼlim  ilm-fan  ishlab chiqarish integratsiyasidan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholini qishloq xoʻjaligi tovar va xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini muntazam qondirib borish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер