Jahon matbuoti: “Oʻzbekistonning yana bir dadil qadami”

05:08 26 Yanvar 2019 Dunyo
1740 0

Arxiv foto

Davlatimiz rahbarining Germaniyaga rasmiy tashrifi yuzasidan dunyo matbuotida yoritilgan materiallar mavzu va tahliliylik nuqtai nazaridan alohida ajralib turdi.

Jumladan, “Nau” gazetasida (Shveysariya) ikki tomonlama munosabatlarda xalqaro xavfsizlik masalalari muhim oʻrin tutayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Jurnalistlar “Germaniya va Oʻzbekiston keng jamoatchilikni Afgʻonistondagi tinchlik jarayoniga chorlamoqda” deya taʼkidlashgan.

Maqolada keltirilishicha, tomonlar Afgʻonistonda tinchlik jarayonini targʻib qilish va mamlakatni barqarorlashtirishda faol boʻladi. Oʻz navbatida, Germaniya kansleri Angela Merkel Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini aytib oʻtdi. “Oʻzbekiston bilan birgalikda Afgʻonistonda fuqarolik tuzilmalarini yanada mustahkamlashga yordam beradigan loyihalarni taqdim etamiz”, dedi kansler.

Tashqi siyosiy faoliyatni yoritishga ixtisoslashtirilgan “The Diplomat” jurnalida (AQSH) “Ishonchli sheriklik: Germaniya — Oʻzbekiston munosabatlari diqqat markazida” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi. Nashr bosh muharriri Ketrin Putsning yozishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya bilan munosabatlarni yangi va yuqori darajaga koʻtarishga intilmoqda. Qolaversa, ikki tomonlama savdo hajmini 700 milliondan 1 milliard yevroga yetkazishni maqsad qilgan. Nashrda kansler Angela Merkelning “Germaniya Oʻzbekistonning ishonchli hamkori boʻlishni istaydi”, degan soʻzlari keltirilib, buning uchun ikki tomonda ham katta salohiyat borligi qayd etilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi yana bir dadil qadami, deya taʼriflanadi nashrda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер