Oʻzbekistonlik jurnalistlar “Sinxua” axborot agentligi va Xitoy markaziy televideniyesi faoliyati bilan tanishdilar
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari Xitoyga uyushtirgan safari doirasida ushbu mamlakatdagi yirik mediatuzilma — “Sinxua” axborot agentligi markaziy ofisida boʻlib, ish jarayonlari bilan tanishdi.
Agentlik rahbariyati Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillarini iliq kutib olib, “Sinxua” muzeyiga boshladi. U yerda agentlik tarixiga oid eksponat va eng muhim maʼlumotlar bilan tanishildi. Muzeyda oʻtgan 90 yildan oshiq davr mobaynida agentlik faoliyat olib borgan barcha binolarning surati, ish stol-stullari, foydalanilgan texnikalar, tahrir qilingan ayrim materiallarning asl nusxa va rasmlari saqlanadi.
Maʼlumotlarga koʻra, ushbu mediatuzilma 1931-yilning 7-noyabr kuni Xitoyning Jiandxi shahrida “Qizil Xitoy” nomi bilan ish boshlagan. Olti yildan keyin hozirgi nomiga oʻzgartirilgan. Aytishlaricha, muzeyda saqlanayotgan, oʻz davrida eng zamonaviy boʻlgan fotoapparatni xitoylik mashhur shifokorning umr yoʻldoshi turmush oʻrtogʻi vafot etganidan keyin, yaʼni 1940-yil “Sinxua”ga taqdim etgan. Shifokor hayotligida inson ichki organizmlarini operatsiya qilib kelgan, kasallangan ichki aʼzolarni, jarrohlik amaliyotlarining muhim jarayonlarini (tibbiyotni chuqur oʻrganish maqsadida) fotoapparatda suratga olgan.
Muzey yillar davomida boyib, agentlik har tomonlama rivojlanib borgan. 2016-yilning 19-fevral kuni XXR Raisi Si Szinpin agentlik faoliyati bilan tanishgan, 2021-yil 6-noyabr kuni mazkur mediatuzilma ish boshlaganiga 90 yil toʻlishi munosabati bilan tabrik yoʻllagan. Dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida 182 nafar xodimiga ega “Sinxua” qoshida yigirmadan ortiq gazeta va jurnallar chop etib kelinadi. Agentlik muxbirlari tayyorlagan matnli, foto va videomateriallar 15 tilda jahonga tarqatilmoqda. Muzeydan chiqib, ushbu yirik axborot agentligi markaziy ofisida xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jihozlar, jumladan, eng soʻnggi texnika va texnologiyalar, turli elektron moslamalar oʻrnatilgan yangi mediastudiya bilan tanishildi.
Koʻplab mamlakatlarning davlat va nodavlat mediatuzilmalari bilan aloqa oʻrnatgan agentlik masʼullari Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA bilan hamkorlik kelishuvi imzolanganini alohida taʼkidladi. Kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari Xitoy markaziy televideniyesi — “CCTV”ga yoʻl oldi. U yerda oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Xitoy davlat telekanallari oʻrtasida hamkorlikni, xususan, materiallar almashish, birgalikda koʻrsatuvlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish lozimligi alohida taʼkidlandi. Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Umumxitoy Jurnalistlar assotsiatsiyasi oʻrtasida imzolangan kelishuvga binoan oʻzbekistonlik telejurnalistlarning Xitoy markaziy televideniyesida malaka oshirishiga sharoit yaratib berilishi maʼlum qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring