Oʻzbekistonlik onkolog mutaxassislar Hindistonda malaka oshiradi

16:06 31 Iyul 2023 Jamiyat
283 0

Oʻzbekiston elchixonasi vakillari Hindistondagi “Sarvodaya Healthcare” koʻp tarmoqli shifoxonasining Onkologiya instituti direktori Dinesh Pendxarkar bilan uchrashdilar.

Dinesh Pendxarkar joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Hindiston tibbiyot forumi va iyul oyida tashkil etilgan xalqaro tibbiyot anjumanidagi ishtirokidan, shuningdek, mamlakatimizning shahar va tumanlariga safarlaridan orttirgan taassurotlaridan kelib chiqqan holda bugungi kunda Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, tizimdagi islohot va ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholadi.

Hindistonlik mutaxassis Oʻzbekistondagi faol islohotlar sogʻliqni saqlash sohasidagi infratuzilmani tubdan yangilash, davolash amaliyoti sifatini oshirish va mamlakatni xalqaro miqyosdagi tibbiy turizm xatiga aylantirish uchun asos boʻlishini qayd etdi.

Onkologiya instituti direktori oʻzbekistonlik shifokorlar bilan koʻp yillik yaqin hamkorlikni yanada rivojlantirish, hududlarda onkologiya yoʻnalishidagi masalalarga yechim topishga koʻmak berish, shuningdek, mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi islohotlarga hissa qoʻshish maqsadida ekanligini bildirdi.

Tomonlar Oʻzbekiston shifokorlari uchun “Sarvodaya Healthcare” shifoxonasining Onkologiya instituti negizida malaka oshirish kurslarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qilishdi. Dastlabki bosqichda Namangan, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari onkolog mutaxassislarini bir oy muddatga Hindistonga taklif etish imkoniyatlari oʻrganildi.

Mazkur amaliyot muntazamlik asosida davom ettirilib, har oyda 8-10 nafar oʻzbekistonlik tibbiyot xodimlarini institutda hindistonlik hamkasblari bilan tajriba almashishi, sohadagi soʻnggi ilmiy yutuqlar bilan yaqindan tanishishi uchun sharoit yaratilishi yuzasidan kelishuvga erishildi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер