Oʻzbekistondagi barcha bolalar mening farzandlarim — Aliya Yunusova
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova va Ombudsman kotibiyati xodimlari, Yoshlar agentligi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori vakillari Toshkent viloyatidagi 24-son tarbiya koloniyasida saqlanayotgan voyaga yetmagan mahkumlarni bayram bilan tabriklashdi.
Qayd etish lozimki, bir yil muqaddam Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova ushbu tarbiya koloniyasiga yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish maqsadida kelganida mazkur muassasaga Amfiteatr qurish va mahkumlar ishtirokida turli asarlarni sahnalashtirish orqali bolalarni muammolaridan oz boʻlsada chalgʻitish, ularni teatrlar bilan tarbiyalash va yangi isteʼdodlarni kashf etish taklifini bildirgan edi. Ushu taklif eʼtiborga olinib, tarbiya koloniyasida amfiteatr qurildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, har qachon teatr insonni tarbiyalab, oʻzidan nur taratuvchi maskan boʻlib kelganligini, bir vaqtlar maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy “Teatr bu ibratxonadir” - degan boʻlsa, bugun yurtboshimiz “Teatr bu maʼnaviyat oʻchogʻi, ijod ahli inson qalbining muhandislaridir” - deb yuksak tarifni berdilar. Umuman olganda, har doim ham teatr bu hayotiy saboqlar beruvchi jonli vositadir.
Dastlab, Bola huquqlari boʻyicha vakil voyaga yetmagan mahkumlarni bayram bilan tabriklab, ularga mustahkam sogʻliq, barkamol baxt va omad tiladi.
— Mendan koʻpincha farzandlaringiz nechta deb soʻrashadi. Men esa quyidagicha javob qaytaraman, — deydi Aliya Yunusova. — Oʻzbekistondagi barcha bolalar mening farzandlarim. Shunday ekan, qayerda boʻlmang biror bir muammoga duch kelsangiz yoki huquqlaringiz poymol etilsa — Bola huquqlari boʻyicha vakil sizni eshitishga doim tayyor. Murojaatlaringizni Ombudsman qutilari yoki muassasa rahbari orqali yuborishingiz mumkin. Yaqin kunlardabolalar uchun ishonch telefoni xizmati ham joriy etiladi. Shundan soʻng bolalar tunu kun oʻzlarini qiynagan muammolari boʻyicha telefon orqali murojaat qilishlari mumkin boʻladi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil bayramga sovgʻa sifatida tarbiya koloniyasida teatr tomoshalarini tashkil etish boʻyicha loyihaning ikkinchi bosqichiga start berilganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda 2 yilga moʻljallangan «Yoʻl xarita» imzolangan boʻlib, bu oʻsha “Yoʻl xarita”ning bir qismini tashkil etadi. Teatrni tashkillashtirish uchun rejissyor va boshqa mutaxassislar jalb qilinib, mahkumlar ishtirokida tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan teatrlar sahnalashtiriladi. Natijada, bolalarning oʻqishdan tashqari boʻsh vaqtini samarali oʻtkazish, yangi isteʼdodlarni kashf etish bilan bir qatorda, mahkumlarni kelajakda yana toʻgʻri yoʻldan adashib, jinoyat koʻchasiga kirib qolmasliklari uchun badiiy asarlarni singdirish orqali poydevor yaratiladi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mazkur tarbiya koloniyasining kutubxona fondi yana 50 ta “Amir Temur sulolasi”, “Mehrobdan chayon”, “Alkimyogar”, “Gʻafur Gʻulom”, «Rumiy» kabi adabiyotlar bilan boyitildi.
Shundan soʻng, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori katta maslahatchisi Matye Lemuan ham soʻz olib, Bola huquqlari boʻyicha vakilga oʻzaro hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
— «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha bildirgan tashabbuslar yoshlarning oʻz qobiliyatlarini tatbiq qilish, mavjud imkoniyatlarni ishga solish va oʻziga boʻlgan ishonchini oshirishda yordam beradi. Hamkorlikdagi loyihamiz ham ijodiy, konstruktiv va kelajakka yoʻnaltirilgan boʻlib, sizning salohiyatingizni oshirishda va jamiyat uchun ijobiy hissa qoʻshishda yordam berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir» — dedi Matye Lemuan.
Tadbirda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan muassasada tarbiyalanayotgan 57 nafar mahkumlarga futbol formalari sovgʻa qilindi.
Tashrif doirasida xalqaro tashkilot vakillari tarbiya koloniyasida mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring