Oʻzbekistondagi 10 mingga yaqin maktabda koronavirusga qarshi choralar kuchaytirildi
Arxiv surat
Sogʻliqni saqlash vazirligi umumtaʼlim muassasalarida sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi choralar kuchaytirilishi haqida maʼlum qildi.
“Sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatimiz hududiga koronavirus infeksiyasini kirib kelishini oldini olish maqsadida qator vazirlik, qoʻmita va agentliklar bilan hamkorlik qilib, ushbu muassasalar tasarrufidagi idora xodimlarini dunyodagi bugungi qaltis epidemik vaziyatdan ogoh etib, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, shaxsiy gigiyenaga qatʼiy rioya qilishga chaqirmoqda. Kuni kecha vazirlik yurtimizdagi mavjud 9950ga yaqin umumtaʼlim muassasasida tegishli sanitariya choralarni amalga oshirish orqali xodimlar va oʻquvchilarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi bilan qoʻshma qaror qabul qildi.
Unga koʻra, yurtimizdagi barcha taʼlim muassasalarida profilaktika choralari va nazoratini kuchaytirish, ushbu masalada ogohlikni oshirish, oʻqituvchi va oʻquvchilarni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, masʼullar ishtirokida ertalabki filtrni tashkil etish, maktabga kelmagan xodim va oʻquvchilarning ahvolidan xabar olish, oʻtkir respirator kasallik belgilari aniqlangan oʻquvchilarni zudlik bilan ota-onasi va hududiy oilaviy poliklinikaga xabar berish kabi qator vazifalar aniq belgilab berildi.
Shuningdek, ushbu hujjatda dunyodagi epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar xalqaro va ommaviy tadbirlar hamda sport musobaqalarini zarurat boʻlmasa oʻtkazmaslik, ayniqsa, chet el fuqarolari va xorij davlatlarida boʻlib kelganlarning taʼlim muassasalariga ishga, ularning farzandlarini esa vaqtincha karantin davrida oʻrta maktabga qabul qilmaslik choralarini qatʼiy koʻrish bilan bogʻliq vazifalar ham aks etgan.
Shu bilan birga, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar, jumladan, taʼlim muassasalarida tozalik va dezinfeksiya tadbirlarini kuchaytirish, oʻquvchilarning qoʻllarini tez-tez sovun bilan yuvish, aksa urganda albatta kaft bilan yopish va boshqa gigiyena qoidalari boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish, har tanaffus vaqtida sinfxonalarni shamollatish, muassasalarda kundalik tozalov ishlarida dezinfeksiya vositalaridan doimiy foydalanish choralarini koʻrish kabi profilaktik tadbirlarni qatʼiy amalga oshirish koʻrsatib oʻtildi.
Umumtaʼlim muassasalarida sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi boʻyicha har bir taʼlim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi jahonda koronavirus bilan bogʻliq epidemiya surʼati har soatda tez oʻsib borayotganligini hisobga olib, mamlakatimiz bilan Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Afgʻoniston kabi qator davlatlarga parvozlar cheklanib, vaqtincha toʻxtatilganligi ayni muddao boʻldi, deb hisoblaydi”, deyiladi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring