Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlariga asoslangan sogʻlom va barqaror ovqatlanish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish jadallashmoqda

20:05 13 Aprel 2026 Iqtisodiyot
357 0

Toshkent shahrida “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlariga asoslangan sogʻlom ovqatlanish boʻyicha tavsiyalarni (FSBDGs) ishlab chiqishni jadallashtirish” mavzusida texnik seminar boʻlib oʻtdi. Unda davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va rivojlanish boʻyicha hamkorlar vakillari ishtirok etib, barqarorlik tamoyillariga mos, ilmiy asoslangan ovqatlanish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish masalalarini muhokama qildilar.

Seminar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda tashkil etildi hamda FAOning “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlari nuqtayi nazaridan notoʻgʻri ovqatlanishni bartaraf etish boʻyicha koʻptarmoqli siyosiy tavsiyalar” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Mazkur tavsiyalar hukumat tomonidan ilgari surilayotgan zamonaviy yondashuv boʻlib, unda ovqatlanish, sogʻliqni saqlash va atrof-muhit barqarorligi oʻzaro uygʻun holda koʻrib chiqiladi. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlarining barcha bosqichlarini qamrab olgan holda, ushbu yondashuv siyosatlarni yanada muvofiqlashtirishga xizmat qiladi hamda uzoq muddatli oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligini yaxshilashga hissa qoʻshadi.

“Notoʻgʻri ovqatlanish muammosini hal etish uchun qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va oziq-ovqat tizimlari oʻzaro uygʻun holda ishlashi zarur. Bugungi kunda Oʻzbekiston, ayniqsa, aholining himoyaga muhtoj qatlamlari uchun sogʻlom ovqatlanishni yaxshilashga qaratilgan islohotlarni izchil amalga oshirmoqda” — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Kushnazarov.

Seminar davomida ishtirokchilar ovqatlanish, sogʻliq va barqarorlik yoʻnalishlaridagi milliy ustuvor masalalarni koʻrib chiqib, milliy maʼlumotlar, ilmiy dalillar hamda manfaatdor tomonlar bilan oʻtkazilgan maslahatlashuvlarga tayandilar. Tizimli tahlil natijasida asosiy muammolar qatoriga mikroelementlar yetishmovchiligi, ortiqcha vazn va semirish, turli yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq masalalar kiritildi.

Shuningdek, oziq-ovqat bilan bogʻliq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy jihatlar ham koʻrib chiqilib, yer degradatsiyasi, suv resurslaridan foydalanish, oziq-ovqat chiqindilari, issiqxona gazlari chiqindilari hamda sogʻlom ovqatlanishning iqtisodiy imkoniyati kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

“Ushbu seminar Oʻzbekistonda barqaror oziq-ovqat tizimlariga asoslangan sogʻlom ovqatlanishni rivojlantirish yoʻlida muhim bosqich hisoblanadi. Mazkur tashabbus FAOning ovqatlanish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish yondashuviga mos keladi va sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilish faqat sogʻliqni saqlash sohasi bilan cheklanmasligini koʻrsatadi. Oziq-ovqat tizimidagi barcha ishtirokchilar inson salomatligi va atrof-muhit barqarorligini taʼminlaydigan ovqatlanish imkoniyatlarini yaratishda muhim rol oʻynaydi. Bugungi kunda turli soha vakillarining keng ishtiroki ushbu yoʻnalishda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi», — deydi FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi Oziq-ovqat xavfsizligi va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha mutaxassisi Mary Kenny

Muhokamalar davomida aholi oʻrtasidagi ovqatlanish odatlari boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi, ayniqsa aholining turli zaif guruhlari kesimida. Bu esa ishlab chiqilayotgan tavsiyalarning madaniy jihatdan mos, milliy sharoitlarga uygʻun, amaliy jihatdan qoʻllaniladigan hamda ishonchli ilmiy asosga ega boʻlishini taʼminlaydi.

Ishtirokchilar FSBDGslarni ishlab chiqish va joriy etish jarayonini qoʻllab-quvvatlash uchun tarmoqlararo hamkorlikni kuchaytirish hamda mustahkam ilmiy asos yaratish zarurligini taʼkidladilar.

“Oziq-ovqat tizimlariga asoslangan sogʻlom ovqatlanish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish Oʻzbekiston uchun strategik ustuvor yoʻnalish hisoblanadi, chunki bu ovqatlanish boʻyicha siyosatni qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlaridagi barqaror oʻzgarishlar bilan uygʻunlashtirish imkonini beradi. Ushbu jarayon asosli qarorlar qabul qilishni qoʻllab-quvvatlaydi hamda aholi salomatligi va farovonligini oshirishga xizmat qiladi”, — dedi FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov.

FAO Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan birgalikda sogʻlom ovqatlanishni ragʻbatlantiruvchi hamda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlarining barqarorligi va chidamliligini taʼminlovchi milliy tavsiyalarni ishlab chiqishda qoʻllab-quvvatlashni davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер