Oʻzbekistonda «obnal firmalar» faoliyati bilan bogʻliq sud jarayonlarida soliq qoʻmitasi xatti-harakatlari qonuniyligi isbotlanmoqda
Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan qochish “sxema”lariga qarshi boshlangan faol harakatlarda qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilganligi sud jarayonlarida oʻz tasdigʻini topmoqda. Bu haqda DSQ matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Fargʻona, Buxoro, Sirdaryo viloyatlarida iqtisodiy sudlarning hal qiluv qaroriga asosan 4 ta holatda davlat soliq xizmati organlarining xatti-harakatlari qonuniyligi isbotlangan.
Jumladan, “Muhammadrasul savdo baraka” MCHJning Fargʻona viloyat soliq organlari qarorini gʻayriqonuniy deb topish va 120,3 million soʻmlik inkasso topshiriqnomasini ijro etishni bekor qilish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi Fargʻona tumanlararo iqtisodiy sudida koʻrib chiqilib, daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan. Shuningdek, soliq organlarining QQSni hisobga olishni bekor qilish bilan bogʻliq harakatlari qonuniy deb topilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari tomonidan maʼmuriy sudlarga kiritilgan 14 ta shikoyat arizasi boʻyicha ish yuritish keltirilgan vajlarning asossiz ekanligi sababli tugatilgan, 1 ta holatda koʻrmasdan qoldirilgan va 1 ta holatda maʼmuriy sudning hal qiluv qarori bilan shikoyat arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Jumladan, Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Namangan viloyatida roʻyxatdan oʻtgan Namangan Export Company MCHJ byudjetga haqiqatda toʻlanmagan 6,5 milliard soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini asossiz hisobga olganligi aniqlangan.
Tadbirkorlik subyekti Namangan tumanlararo maʼmuriy sudiga shikoyat arizasi berib, soliq organlarining jamiyat hisob-raqamiga inkasso topshiriqnomasini qoʻyishda ifodalangan xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topishni soʻragan. Mazkur ish yuzasidan sud muhokamasi 2021-yil 22-aprel kuni yakunlangan va sudning hal qiluv qaroriga koʻra, tadbirkorlik subyektining shikoyat arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring