Oʻzbekistonda koronavirusdan tuzalganlarning qon zardobidan koronavirus infeksiyasi ogʻir oʻtayotganlarni davolashda foydalaniladi
Oʻzbekistonda qon donorligi va qondan turli kasalliklarga qarshi kurashish xususiyatiga ega boʻlgan preparatlar tayyorlanib kelinmoqda. Bunga turli bakteriya va mikroblarga qarshi zardoblar, muzlatilgan plazmalar yoki immunglobulinlarni misol qilish mumkin.
Maʼlumki, ayni paytda butun dunyoda COVID-19 infeksiyasi pandemiyasi hukm surmoqda. Davlat rahbarining qatʼiy irodasi hamda qator masʼullar tomonidan koʻrilayotgan saʼy-harakatlar tufayli Oʻzbekistonda ushbu kasallikning tarqalishi nazoratga olingan.
Yana bir ahamiyatli tomoni, fidoyi shifokorlarning mashaqqatli mehnatlari natijasida koronavirus infeksiyasidan tuzalgan bemorlar ayni paytda 42 nafarga yetdi va ular safi kundan kunga ortib bormoqda. Eʼtiborli jihati, sogʻaygan fuqarolarning qon zardobi kasallikni boshidan kechirayotgan bemorlar uchun nihoyatda bebaho boʻlib, ularning ushbu xastalikni yengil oʻtkazishi va tezroq tuzalishlari uchun zamin boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Shunga koʻra, OʻZbekistondagi bir qator tajribali olim va shifokorlar bilan kelishilgan holda, tez kunlarda mutlaqo yangicha usul — koronavirusdan sogʻaygan insonlarning qon zardobini xastaligi ogʻir kechayotgan bemorlarga quyish amaliyotini joriy etish boshlanadi.
Amaliyotning ilmiy asosiga keladigan boʻlsak, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlar qon zardobida virusga qarshi immun tanachalar paydo boʻlib, ular virusning oʻlimiga olib keladi.
Tabiiyki, bu amaliyot qator savollar tugʻdirishi mumkin. Zardobdan boshqa kasallik yuqmaydimi? Zardob bergan insonlar ahvoli ogʻirlashmaydimi? Bemorlarga zardob quyilganda turli asoratlar yuzaga kelmaydimi?
Avvalo, koronavirus infeksiyasidan tuzalgan insonlardan zardob olishdan oldin, bir nechta infeksiyalarga tekshiriladi, tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Qoʻshimcha infeksiyasi va kasalligi boʻlmagan insonlar zardobining kichik bir qismi olinadi, xolos. Bu miqdor donor uchun hech qanday salbiy asoratlarni namoyon qilmaydi. Bu ilmiy jihatdan isbotlangan. Soʻngra yigʻib olingan zardob yana qoʻshimcha ishlov berish jarayonlaridan oʻtkazilgandan soʻng, kasallik ogʻir kechayotgan bemorlar roziligi va shifokor koʻrsatmalari hamda maxsus tartiblarga qatʼiy rioya qilingan xolda qoʻllanilishi mumkin.
Eng muhimi, COVID-19 infeksiyasidan tuzalgan insonlarning qon zardobi – kasallik ogʻir kechayotgan yoki uzoq davom etayotgan bemorlarimizga virusni tezroq va osonroq yengish uchun qoʻshimcha kurashish manbai boʻlib xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring