Oʻzbekistonda koronavirusdan 140 nafar bemor tuzaldi

13:11 17 Aprel 2020 Jamiyat
962 0

Foto: Xasan Paydo / “Xalq soʻzi”

Ayni koronavirus pandemiyasi avj olgan bir paytda tibbiyot xodimlarining faoliyati jangga qiyoslanmoqda. Bilasiz, jangda qanchalik gʻolib boʻlib, dushman chekinaversa, jangchilarning yana-da shiddati oshadi, ruhi koʻtariladi. Soʻnggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ketma-ket darddni yengishayotgani shifokorlarimizni yana-da ruhlantirib, matonat bilan kurashishlariga turtki boʻlmoqda.

Ushbu koʻtarinkilik yurtimiz boʻylab koronavirusga chalingan fuqarolarimiz davolanayotgan barcha tibbiyot muassasalaridagi xodimlarning yana-da ishonch bilan faoliyat yuritishlariga zamin yaratmoqda.

Ushbu ijobiy jarayonlarning samarasi oʻlaroq, bugun ham Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 11 nafar bemor butkul sogʻaydi. Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi tomonidan maʼlum qilinicha, sogʻayganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan boʻlib, “Sitorai Mohi Xosa” sanatoriysida karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, 8 nafari ayollardir. Ulardan 5 nafari poytaxtimizdan, 2 nafari Toshkent viloyatidan boʻlsa, Buxoro, Samarqand, Namangan va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafarni tashkil etadi. Ular orasida eng yoshi kattasi 56 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 30 yoshda.

Ushbu muvaffaqiyatli qadamlarga sabab koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilayotgani desak, xato boʻlmaydi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 28 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 39 nafarga yetdi.

Eng muhimi, sogʻliqni saqlash sohasida keyingi yillarda olib borilgan islohotlar, tibbiyot muassasalarida barcha zarur sharoitlarning yaratilgani, malakali kadrlar bilan taʼminlanganligi koronavirus pandemiyasiga qarshi tezkor va samarali kurashishning ham asosiy omili boʻlmoqda.

Ayni paytga qadar mamlakatimiz boʻylab koronavirus infeksiyasidan jami 140 nafar bemor toʻliq sogʻaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер