ADM-Jizzakh avtozavodi haqida: Sogʻlom raqobat bor joyda sifat va talab taʼminlanadi
2020-yil noyabrdan boshlab “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi ADM-Jizzakh zavodida uchta komplektatsiyadagi Seltos krossoveri va beshta komplektatsiyadagi K5 sedanini yigʻish boshlanishi haqida xabar qilingan edi. Bu borada ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari KIA avtomobillarini yigʻish va sifatini taʼminlash borasida oʻz fikrlarini qoldirmoqda.
Aytish mumkinki, dunyo brendi darajasiga chiqqan har bir ishlab chiqaruvchi kompaniya yoki korporatsiya oʻz mahsulotlarini tayyor biznes sifatida maʼlum bir shartlarsiz boshqa bir davlatga kiritishdan manfaatdor boʻlmasligi aniq. Shuning uchun ham, boshqa bir mintaqadagi bozorga oʻzida ishlab chiqarilayotgan butlovchi va ehtiyot qismlar, texnologiyalar, mutaxassislar bilan kirib boradi. Keyinchalik esa, arzonroq tayyorlanishi mumkin boʻlgan qismlarni mahalliy bozorda ishlab chiqarish orqali sarf-xarajatlarni minimallashtirish maqsadida lokalizatsiya tadbirlarini amalga oshiradi.
Bunga misol tariqasida KIA Motors xalqaro darajadagi harakatlarini keltirib oʻtishimiz mumkin. Kompaniya 8 mamlakatda 14 ta ishlab chiqarish va yigʻish operatsiyalari orqali yiliga 1,4 milliondan ortiq avtomobil ishlab chiqaradi. KIA avtomobillari 172 ta mamlakatni qamrab olgan 3000 dan ortiq distribyutor va dilerlar tarmogʻi orqali sotiladi va xizmat koʻrsatiladi.
KIA avtomobillarini Oʻzbekiston sharoitida tayyorlash boʻyicha olib qaraydigan boʻlsak, ayni vaqtda ehtiyot qismlarning lokalizatsiya darajasi 10 foizni tashkil etadi. 2024-yil oxiriga qadar bu koʻrsatkichni 30 foizga olib chiqish maqsad qilingan.
Muhokamalarga sabab boʻlayotgan masalalardan yana biri — Oʻzbekistonda yigʻilayotgan KIA avtomobillarining boshqa bir davlatlardagi narxlarga nisbatan qimmatroq ekanligi. Buning asosiy sabablaridan biri – Oʻzbekistonga mahsulotlarni dengiz orqali olib kelish uchun kamida ikkita chegarani kesib oʻtishga majbur ekanligimiz. Tayyor avtomobillarni mahalliy bozorga olib kirish bojxona yoki boshqa toʻlovlar hisobiga yana-da qimmatlashishiga sabab boʻladi. Avtomobillarni mahalliy zavod orqali tayyorlash birinchi tomondan yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi va ikkinchi tomondan narxlarning keskin oshib ketmasligi nuqtayi nazaridan muhim hisoblanadi.
Umuman aytganda, ADM-Jizzakh zavodining faoliyat boshlashi mahalliy bozorda raqobat muhitini vujudga keltiradi. Bu oʻz navbatida narx va sifat jihatdan oldinga tashlangan qadam boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkiloti bilan integratsiyalashuv jarayonlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobat sharoitida ishlash boʻyicha tajribasini oshiradi, albatta.
Nodir JUMAYEV,
iqtisod fanlari doktori, professor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring